Albaniyada ham namoyishlar: Bosh vazir iste’foga chiqishni rad etdi (video)

Olam

−

image

Albaniya poytaxti Tiranada hukumatga qarshi namoyishlar oltinchi kun davom etib, politsiya bilan to‘qnashuvlar oqibatida 272 kishi jarohatlandi. Mamlakat Bosh vaziri Edi Rama namoyishchilarning iste’foga chiqish talabini rad etdi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, namoyishlar joriy yilning 13 oktyabridan beri davom etmoqda. Noroziliklar universitetlardagi ta’lim sharoitlarining yomonligi, kontrakt to‘lovlarining yuqoriligi va korrupsiyaga qarshi qaratilgan.

Joriy yilning 18 oktyabr kuni yuzlab namoyishchilar Ta’lim vazirligi binosi oldida to‘planib, “Rama, iste’foga chiq!” deya hayqirgan. Politsiya ularni tarqatishga uringanidan so‘ng namoyishlar shahar markaziga yoyilib, bir necha soat davom etgan to‘qnashuvlarga aylangan.

Namoyishchilar ko‘chalardagi chiqindi qutilariga o‘t qo‘ygan, hukumatni boshqarayotgan Sotsialistik partiya qarorgohi binolarining ойна­ларини sindirgan, politsiya uchastkasini va Ichki ishlar vazirligi binosiga kirish qismini yoqib yuborgan. Ayrim namoyishchilar politsiyaga toshlar, qo‘lbola yonuvchi vositalar va pirotexnika vositalarini otgan. Politsiya esa ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va rezina o‘qlardan foydalangan.

Albaniya Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 18 oktyabr kunigi to‘qnashuvlarda 28 kishi jarohatlangan. Ular orasida 19 nafar politsiya xodimi, to‘rt nafar namoyishchi, to‘rt nafar yo‘lovchi va bir jurnalist bor. 17 oktyabr kunigi namoyishlarda esa 65 kishi jarohatlangan, ulardan 37 nafari politsiya xodimlari bo‘lgan. O‘sha kuni 12 kishi shifoxonaga yotqizilgan.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, 13 oktyabrdan kunidan beri to‘qnashuvlarda jami 272 kishi jarohatlangan, ularning 169 nafari politsiya xodimlaridir.

 

Albaniya Bosh vaziri Edi Rama bir soatdan ortiq davom etgan videomurojaatida iste’foga chiqish niyati yo‘qligini bildirgan. U namoyishlarni tashqaridan uyushtirilgan harakat deb atagan.

Shu bilan birga, politsiyaning jamoat xavfsizligi bo‘limi vakili Albert Nushi politsiya uchastkasiga qo‘lbola yonuvchi vositalar va pirotexnika vositalari bilan hujum qilinganini aytgan. Uning ta’kidlashicha, bu harakatlar politsiya xodimlari va hibsda saqlanayotgan shaxslarning hayotiga xavf tug‘dirgan.

“Politsiya uchastkasiga hujum qilish namoyish emas. Politsiya xodimlariga nisbatan zo‘ravonlik, davlat muassasalariga hujum va insonlar hayotiga xavf tug‘diradigan harakatlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”, degan u.

U namoyishchilarni zo‘ravonlik sodir etayotgan niqobli shaxslardan uzoq turishga va tinch yo‘l bilan norozilik bildirishga chaqirgan.

Albaniyadagi vaziyatga AQSH va Yevropa Ittifoqi ham munosabat bildirgan. AQSHning Tiranadagi elchixonasi barcha tomonlarni bosiqlikka va tinchlikni saqlashga chaqirgan. Yevropa komissiyasi esa Tirana va boshqa shaharlardagi zo‘ravonliklarni qoralab, vaziyatga javob choralari mutanosib bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan.

Albaniyada hukumatga qarshi noroziliklar bir necha oydan beri davom etmoqda. Avvaliga ular AQSH Prezidenti Donald Trampning oilasi bilan bog‘liq shaxslar aloqador bo‘lgan, ekologik jihatdan muhofaza qilinadigan hududda kurort qurish loyihasi atrofidagi bahslar ortidan boshlangan.

Keyinchalik talabalar universitetlardagi sharoitlar, ta’lim to‘lovlarining qimmatligi va korrupsiyaga qarshi talablar bilan namoyishlarga qo‘shilgan.

Namoyishlar fonida Edi Ramaning Avstriya kansleri Kristian Shtoker bilan 19 oktyabr kuniga belgilangan rasmiy uchrashuvi ham Albaniya tomoni tashabbusi bilan bekor qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Albaniyada hukumatga qarshi talabalar namoyishlari poytaxt Tiranadan boshqa shaharlarga ham tarqalib, to‘qnashuvlar oqibatida 89 kishi shifoxonada tibbiy yordam oldi va o‘nlab namoyishchilar qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing