Fransiyada ommaviy tartibsizliklar: hokimiyat binolari va do‘konlarga o‘t qo‘yildi

Olam

−

image_2026-10-18_11-47-59

Fransiyada yashash xarajatlarining oshishi va ijtimoiy tengsizlikka qarshi o‘tkazilgan ommaviy namoyishlar tartibsizliklar keltirib chiqardi. Ayrim shaharlarda davlat binolari va do‘konlarga hujum qilinib, politsiya bilan to‘qnashuvlar yuz berdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, kecha, 17 oktyabr kuni mamlakatning ko‘plab shaharlarida yuz minglab odamlar namoyishga chiqqan. Fransiya Ichki ishlar vaziri Loran Nunes namoyishchilar sonini 550 ming deb baholagan bo‘lsa, CGT kasaba uyushmasi esa 800 ming kishi qatnashganini bildirgan.

Namoyishlarning ayrimlari zo‘ravonliklarga aylanib ketgan. Jumladan, Limoj shahrida shahar hokimiyati binosiga o‘t qo‘yilgan, Marselda namoyishchilar hokimiyat binosiga bostirib kirib, devorlarda yozuvlar qoldirgan. Lion shahrida esa sayyohlik idorasi yoqib yuborilgan.

Parijda tartibsizliklar ishtirokchilari Galeries Lafayette savdo markaziga kirishga uringan, banklarga zarar yetkazgan, Lacoste do‘konini talab, boshqa savdo nuqtalariga hujum qilgan. Ayrim joylarda avtomobillarga ham o‘t qo‘yilgan.

Fransiya Bosh vaziri Sebastyan Lekornyu hukumat zo‘ravonliklardan qo‘rqib, bosimga yon bermasligini bildirgan. U tartibsizliklarda o‘ta so‘l guruhlar va jinoyatchilarni ayblagan. Prezident Emmanuel Makron esa hujumlarni amalga oshirganlar javobgarlikka tortilishini ma’lum qilgan.

Bosh vazirning aytishicha, namoyishlar davomida 1 200 kishi qo‘lga olingan. Shuningdek, 150 nafardan ortiq politsiya xodimi jarohatlangan. To‘qnashuvlarda bir kishining qo‘li uzilib ketgan.

Fransiya ommaviy axborot vositalari uning politsiya ishlatgan shovqinli granatani olishga uringanini yozgan.

Namoyishchilar norozilik sabablarini yashash xarajatlarining qimmatlashishi, yoqilg‘i narxining oshishi, o‘qituvchilar yetishmasligi va maktablardagi sharoitlarning yomonligi bilan izohlagan.

Qayd etish joiz, namoyishlar o‘tgan oy Parijning shimoliy chekkalaridagi maktablarda boshlangandi. Dastlab ta’lim sharoitlarini yaxshilash talabi bilan boshlangan harakat keyinchalik davlat xarajatlari, ijtimoiy tengsizlik va aholining turmush darajasi bilan bog‘liq noroziliklarni ham qamrab olgan.

Shunga o‘xshash norozilik namoyishlari kecha, 17 oktyabr kuni Belgiya, Portugaliya va Italiyada ham bo‘lib o‘tgan. Albaniyada esa namoyishchilar hukumatdagi korrupsiya, ish o‘rinlari yetishmasligi va ta’lim sifatidan norozilik bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiyada o‘quvchilar namoyishlari fonida
400–500 ta maktabda darslar to‘liq yoki qisman to‘xtatilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing