Toshkentda avtobus haydovchilari maoshi kechikayotganidan norozilik bildirdi (video)
Jamiyat
−
16:41 809 3 daqiqa
Toshkentda avtobus haydovchilari oylik maoshlari vaqtida berilmayotgani va to‘lovlardagi noaniqliklar yuzasidan norozilik bildirdi. Holat aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, “Toshshahartransxizmat” AJ rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, videomurojaatda haydovchilar tomonidan keltirilayotgan e’tirozlarni haqqoniy va to‘liq tekshirish maqsadida “Toshshahartransxizmat” AJning mas’ul xodimlaridan tashkil topgan maxsus ishchi guruh tuzilgan. Mazkur ishchi guruh tomonidan “18-avtobus saroyi” filialida tegishli o‘rganish va tekshiruv ishlari olib borilgan.
Tekshiruv davomida haydovchilarning mehnat faoliyati, ish vaqti, bajargan qatnovlari, yo‘nalishdagi harakatlari, sodir etilgan qoidabuzarliklar hamda ularga hisoblangan ish haqi bilan bog‘liq ma’lumotlar atroflicha o‘rganilgan.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, haydovchilarning ish haqi noto‘g‘ri hisoblangani yoki ularga belgilangan tartibdan kam miqdorda oylik maosh to‘langani holatlari aniqlanmagan.
Shuningdek, ayrim haydovchilarga ish faoliyati davomida yo‘l harakati va belgilangan tartib-qoidalarni buzganligi sababli tegishli tartibda jarimalar qo‘llanilgani aniqlangan. Mazkur jarimalar haydovchilarning ish haqi hisob-kitoblarida amaldagi tartib va belgilangan mezonlar asosida inobatga olingan.
Shu bilan birga, tekshiruv davomida videomurojaatda bildirilgan ayrim e’tirozlar ish haqi hisob-kitoblari bilan bog‘liq bo‘lmagan holatlar ekani ma’lum bo‘lgan.
Qayd etilishicha, “Toshshahartransxizmat” AJning 8 ta avtobus saroyi filiallarida xizmat ko‘rsatuvchi avtobus haydovchilarining oylik maoshlari quyidagi tartibda hisoblanadi:
- Ishlangan oy tugagach, keyingi oyning 1-sanasidan 10-sanasiga qadar haydovchilarning 1 oyda ishlagan ish soati, bajargan qatnovlar soni, muntazamligi hisoblab tekshiriladi;
- Keyin esa, haydovchining bir oy davomida yo‘nalishda harakatlangan vaqtda sodir etgan qoidabuzarliklari tekshiriladi;
Barcha ma’lumotlar yig‘ilgandan so‘ng, keyingi oyning 10-sanasidan oylik maoshining aniq hisobi chiqariladi. Shundan so‘ng, belgilangan oylik maoshlari haydovchilarga to‘lana boshlaydi.
“Ta’kidlash kerakki, avgust oyi uchun hisoblangan oylik maoshlari barcha haydovchilarga 15 sentyabr kunidan boshlab to‘lanishi boshlangan”, deyiladi munosabatda.
Biroq haydovchilar “Toshshahartransxizmat” AJning mazkur munosabatidan norozi ekanini bildirdi. Ularning aytishicha, tekshiruv jarayonida o‘zlari ishtirok etmagan va murojaatda ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha fikrlari tinglanmagan.
“Biz ular bergan rasmiy munosabatdan norozimiz, chunki u yerda biz ishtirok etmadik. Nima bo‘ldi, nima qo‘ydi, biz bilmadik. Bizning masalamizni kim hal qiladi?” degan 18-avtobus saroyi haydovchilaridan biri.
Haydovchilar, shuningdek, ayrim xodimlarga ish haqi hisobidan turli summalarda pul berishga majbur bo‘layotgani haqidagi da’volarini takrorlagan. Ularning ta’kidlashicha, bunday to‘lovlar amalga oshirilmasa, oylik maoshi sezilarli darajada kam chiqmoqda. Jumladan, haydovchi o‘ziga hisoblangan 9 million 300 ming so‘mlik ish haqini misol qilib, “450 ming pul bermaganim uchun menga 9 million 300 ming so‘m oylik chiqibdi. Agar mana shu 450 ming pulni berganimda, menga 14-15 million oylik chiqardi”, degan.
Haydovchilar murojaatida 48-50 soatlab ishlayotgani, buning bo‘yicha putyovka va boshqa dalillari mavjudligini aytib, holatni o‘zlari ishtirokida qayta tekshirishni so‘ragan. Ular 18-avtobus saroyidagi mehnat sharoitlari va ish haqi hisob-kitoblarini mustaqil tekshirish, shuningdek, murojaatda tilga olingan xodimlarga nisbatan chora ko‘rishni talab qilgan.
“Biz qatnashaylik, bizning dardimizni eshitsin. Ular qayerdan bilibdi nima demoqchiligimizni?” deya murojaat qilgan haydovchilardan biri.
Live
Barchasi