“SHOVOTLANDIA” – YAKUN! Adolat kafega qo‘shilib yondimi?

Tahlil

Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan yilning 27 fevral kuni, tungi soat 03:51 da Chilonzor tumanida joylashgan "SHOVOTLANDIA" kafesida yong‘in sodir bo‘lib, uning oqibatida, kafe ichida bo‘lganlar – 1998 yilda tug‘ilgan J.J., 1998 yilda tug‘ilgan X.X., 1961 yilda tug‘ilgan A.B., 1999 yilda tug‘ilgan B.M. va 1996 yilda tug‘ilgan A.Sh. sud-tibbiyot ekspertizasining xulosalariga ko‘ra, is gazidan zaharlanish fonida, tananing 100 foiz 3-4 darajali termik kuyishi oqibatida vafot etgandi.

Bosh prokuratura holatga izoh berib, ushbu jinoyatni muqaddam Jinoyat kodeksi (JK)ning uchta moddasi bilan sudlangan Samarqand viloyati Toyloq tumanida yashovchi F.S. tomonidan sodir etilgani, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 173-moddasi 2-qismi "b", "v" bandlari (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

21 dekabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tumani sudida "SHOVOTLANDIA" ishi yuzasidan sud hukmi o‘qildi. Hukm bilan yong‘inga sababchi sifatida gumon qilingan 36 yoshli Rustam Abdurahimovga Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2-qismining "a", "v", "d", "j", "p" bandlari (qasddan odam o‘ldirish), 165-moddasining 1-qismi (tovlamachilik), 173-moddasi 2-qismining "b", "v" bandlarida (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga JKning 59-moddasi 4-qismi tartibida tayinlangan yengilroq jazolarni umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan qoplash orqali uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Shuningdek, 26 yoshli sudlanuvchi Faxriddin Sayfiyev Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2-qismining "a", "v", "d", "j", "p" bandlari (Qasddan odam o‘ldirish), 173-moddasi 2-qismining "b", "v" bandlarida (Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi. Jinoyat kodeksi 59-moddasining 4-qismi tartibida tayinlangan yengilroq jazolarni umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan qoplash orqali uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi.

Sudlanuvchilar R.Abdurahimov va F.Sayfiyevning oila a’zolari tomonidan kiritilgan apellyatsiya arizasiga ko‘ra, 2022 yilning 3 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida apellyatsiya sudi boshlandi.

Shu o‘rinda QALAMPIR.UZ'ning "SHOVOTLANDIA" ishini yoritishiga to‘xtalib o‘tsak. 2021 yil 27 fevral kuni sodir bo‘lgan yong‘in yuzasidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudida o‘qilgan sud hukmidan norozi bo‘lgan Rustam Abdurahimovning advokati va yaqinlari QALAMPIR.UZ'ga murojaat qilib, appelyatsiya sud majlisini yoritishga taklif qilishdi. Biz esa qonunchilikdan chetga chiqmagan, Oliy sud Plenum qarorlarini buzmagan holda sud majlislarida hozir bo‘ldik va hech bir sud majlislariga fikr bermagan holda yoritdik.

Appelyatsiya sudi o‘z yakuniga yetgach, tahliliy maqola tayyorladik. Ushbu maqola va video orqali tergov hujjatlari bilan tanishtirish barobarida, ayblovlarga sudlanuvchilar va ularning advokatlari, jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatmalarini umumlashtirgan holda taqdim etishga harakat qilamiz.

Sudlanuvchilarning oila a’zolari tergov va birinchi instansiya sudida Sayfiyev va Abdurahimovlarga  noto‘g‘ri ayblovlar qo‘yilgani, Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudi hukmiga dalilga asoslanmagan ayblovlar kiritilgani, R.Abdurahimovga qo‘yilgan bironta ayblov sudda o‘z tasdig‘ini topmagani, Abdurahimov va Sayfiyev avval bir koloniyada jazo o‘tagani, bu esa ular birga uyushgan guruh sifatida jinoyat sodir etishlari uchun asos bo‘lmasligi, Abdurahimov va “SHOVOTLANDIA” kafesi egasi Ahmedov bilan oralaridagi kelishmovchilik vaqtida Rustam Abdurahimov Ahmedovdan telefon talab qilmagani, kafeni Ahmedovning moliga zarar yetkazish maqsadida, hech kimning buyrug‘i yoki “zakazi” asosida emas. o‘z xohishi, shuningdek, kafeda besh nafar shaxs tunab qolganini bilmagan holda yoqqanini tan olayotgan Faxriddin Sayfiyevning bu harakatidan Abdurahimovning xabari bo‘lmagani va to‘g‘ridan-to‘g‘ri Rustam Abdurahimovni xabardorligi yoki boshqa holatlar yuzasidan aybini isbotlovchi dalillar yo‘qligi, tergovdagi qiynoqlar va sudlanuvchilar JK normalari buzilgan holda saqlangani, shuningdek, Abdurahimovni JKning 165-moddasi 1-qismi bilan uni harakatlarida mazkur jinoyat tarkibi bo‘lmagani, Abdurahimovni JKning 97-moddasi 2-qismi "a","v","d","j","p" bandlari va 173-moddasi 2-qismi "b","v" bandlari bilan uni sodir etilgan jinoyatlarga dahli bo‘lmaganligi sababli O‘zbekiston Respublikasi JPKning 83-moddasi 3-bandiga asosan oqlashi hamda uni to‘liq reabilitatsiya qilishni so‘rab, Toshkent shahar sudiga apellyatsiya arizasi kiritishgan edi.

Qariyb 7 oy davom etgan apellyatsiya sudida guvohlar ko‘rsatmalari, jabrlanuvchilarning iltimoslari, sudlanuvchilar fikrlari tingladi. 

“Sudga aybsizligimni isbotlashga imkon berishgani uchun  rahmat aytmoqchiman. Appelyatsiya sudi vaqtida tergov, birinchi sud instansiyasida bo‘lgan holatlarni aytib, yoritishga harakat qildik. Har bir sud majlisidan olingan videolar bor va buni hamma ijtimoiy tarmoq orqali ko‘rishi mumkin. Ayblovlarni hech biri tasdig‘ini topmadi. Shunga qaramasdan… (sudyalar – tahr.) bosim ostida ishlagani bilindi. Uning ovozida “dadillik” yo‘q. Buni sudyaning ovoz tonidan ham bilsa bo‘ladi.

Sud majlislarida ham aytganman, sud majlisi bayonnomasidan kelib chiqib hukm chiqarilishi kerak. (Sudda – tahr.) tergovdagilarni (hujjatlarni – tahr.) o‘qib, prokuraturaning bosimida, hech qanday yengilliklarsiz hukmni o‘z kuchida qoldirishyapti.

Menga tegishli holatda “Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi (Qasddan odam o‘ldirish), alomatlari yo‘q. Qasddan odam o‘ldirish uchun biz ularni tanigan bo‘lishimiz, yoki ular bilan oramizda kelishmovchilik bo‘lishi kerak. Biror marta ko‘rmagan odamni qanday qilib o‘ldirish mumkin. Menga “SHOVOTLANDIA” kafesining egasi Aziz Ahmedovni o‘ldirish rejasini tuzgansiz”, deyishdi. Uni o‘ldirish rejasini tuzishimni o‘zi g‘alati, chunki u uyimdan 50 metrlar nari-berida yashaydi.

Men aybsizligimni 100 foiz isbot qilib berdim, deb bilaman. Sudga kelib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri meni aybdor ekanimni aytib, ko‘rsatma bergan odam bo‘lmadi”, deydi Rustam Abdurahimov.

“SHOVOTLANDIA”kafesini yoqqan Faxriddin Sayfiyevga ko‘ra, u qasdan odam o‘ldirmagan, aksincha, Ahmedovning moliga zarar berish uchun kafega o‘t qo‘ygan. Qolaversa, bu ishlarga Rustam Abdurahimovning aloqasi bo‘lmagan.

"Kafeni yoqish haqida reja tuzganimni hech kim bilmagan. Men bu ishni ochiqchasiga qildim, kafe atrofidagi kameraga qo‘l siltab, kafeni aynan men yoqqanimni ham bildirdim. Tergov vaqtida kafe egasi Aziz Ahmedov meni tanimasligini aytdi. Aslida u bilan avvaldan tanish bo‘lganmiz.

2021 yilning 6 yanvar kuni Uchtepa tumani Katta Qani "krug"ida taxminan 10 nafar notanish shaxslar sababsiz janjal chiqarib, ulardan biri qorin sohamga pichoq bilan bir marotaba jarohat yetkazdi, so‘ng u yerdan qochib keteayotgan vaqtimda avtomobil "kapot"i ustidan sakrab o‘tmoqchi bo‘lib yiqildim. Shunda ulardan biri pnevmatik qurol bilan chap oyog‘imga jarohat yetkazdi. Menga tan jarohati yetkazgan shaxslar "SHOVOTLANDIA" kafesi egasi Aziz Ahmedovning odamlari ekanini eshitdim.

Kafeni shu sababli ham yoqishga qaror qildim. Meni qo‘lga olgan vaqtlarida ham hech qayerga qochmadim. Qilgan ishimni tan olaman. Kafeni o‘zim yoqdim, lekin, ichida odamlar borligidan xabarim yo‘q edi va qastdan odam o‘ldirmadim.

Rustam aka menga nimadir "zakaz" qilganlari yo‘q. Men "nayomniy ubiysa" emasman-ki, kimnidir o‘ldirish haqida "zakaz" olsam. Afsuski, bu gaplar va keltirilgan dalillarni sudda inobatga olishmadi", deydi Faxriddin Sayfiyev.

Rustam Abdurahimovning advokati Fazliddin Shermatov mazkur jinoyat ishini tergov qilishda JPKning talablari qo‘pol ravishda buzilgani haqida aytarkan, sudlanuvchilarning ayrim ko‘rsatmalari qiynoq va bosim ostida olinganini urg‘uladi.

"Ximoyam ostidagi Abdurahimov dastlab mayda bezorilikda, oradan 15 kun o‘tib, tovlamachilik bilan ayblandi. A.Ahmedov R.Abdurahimovga u talab qilgan telefonni olib bermagan taqdirda “tovlamachilik” jinoyatini zaruriy belgisi bo‘lgan “qo‘rqitish”, “tahdid”ni Abdurahimovning qaysi harakati yoki gaplaridan anglaganini keltirmadi. 

Jinoyat ishi hujjatlarini ko‘zdan kechirarkansiz, dastlabki so‘roq vaqtida F.Sayfiyev jinoyatni o‘zi sodir etgani va bu rejasi haqida hech kimning xabari yo‘qligini urg‘ulaydi. Shuningdek, u Ahmedovning o‘ziga emas, moliga zarar yetkazishni maqsad qilgani haqida bir-necha bor ta’kidladi. Afsuski, tergovdagi qiynoqlar oqibatida sudlanuvchi Sayfiyev “bu ishni Rustam akam bilan Ahmedovni orasidagi kelishmovchilikka “otvet” sifatida qilganman” deb ko‘rsatma bergan. Butun boshli jinoyat ishidagi “otvet” so‘zi Aburahimovni ushbu jinoyatga sherik bo‘lishiga xizmat qilmoqda. Vaholonki, dastlabki tergov vaqtida Sayfiyev bunday ko‘rsatma bermagan. Qolaversa,  birinchi instansiya sudi sudlanuvchi, guvohlarni ko‘rsatmalarini sud majlisi bayonnomasida to‘liq aks ettirmagan", deydi advokat. 

Faxriddin Sayfiyevning advokati Shahriddin Holmurodov apellyatsiya sud tergoviga to‘xtalib, sud tergovi to‘liq o‘tmagani, bu esa sud tomonidan chiqariladigan qarorning ob’ektivligiga jiddiy shubha uyg‘otishini urg‘uladi.

Sud majlisida qatnashgan jabrlanuvchilar va prokuror jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sud hukmi, Umrbod qamoq jazosini o‘z kuchida qoldirishni iltimos qilishdi.

Sud majlisida guvoh tariqasida ishtirok etgan jabrlanuvchi Aziz Ahmedov, kafeni Rustam Abdurahimov o‘t qo‘ygani haqida tanishi Abduvosiq Mo‘minovdan eshitganini aytdi. Sudga yuzlashtirish uchun chaqirilgan Mo‘minov esa, Ahmedov va Abdurahimovning oralaridagi kelishmovchilikdan xabari borligi, lekin “kafeni yoqishda Rustamning qo‘li bor”, demaganini aytib, ko‘rsatma berdi.

Qariyb 7 oy davom etgan apellyatsiya sudi joriy yilning, 21 oktyabr kuni yakuniga yetdi. Guvohlar tinglandi, so‘nggi so‘z olindi va O‘zbekiston Jinoyat-protsessual kodeksining 497-13, 497-17, 497-25, 497-26-moddalariga asosan, Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudi hukmi, umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘zgarishsiz qoldi.

"SHOVOTLANDIA" ishi yuzasidan apellyatsiya sud majlisidan to‘liq reportajni quyidagi videolarda tomosha qilishingiz mumkin. 

  • 👉 1-qism. Sudga guvohlar chaqirildi. Ular nimalarni biladi?
  • 👉 2-qism. Guvohlar ikki xil gapiryapti. Aslida kim aybdor?
  • 👉 3-qism. Kafe egasi yolg‘on gapirdimi? Guvohlar tilga kirdi
  • 👉 4-qism. Guvohlar aytyapti ham, qaytyapti ham
  • 👉 5-qism. Advokatlar sudyani chetlatishni talab qildi
  • 👉 6-qism. Sudlanuvchilarga qiynoq bo‘lgan…mi?
  • 👉 7-qism. Tomonlar prokuraturadan norozi
  • 👉 8-qism. Tomonlar prokuraturadan norozi
  • 👉 9-qism. IIV tergovdagi qiynoqlarni tan olmayapti
  • 👉 10-qism.Sud prokuraturaga yon bosyapti – Kusherboyev
  • 👉 11-qism. Sud hukmi o‘qildi

Maqola muallifi

Teglar

Sud Tergov SHOVOTLANDIA

Baholaganlar

431

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing