“Shovotlandiya” kafesini yoqib yuborganlar umrbodga qamaldi
3-sahifa
−
22 dekabr 2021
25009Toshkentning Chilonzor tumanidagi “Shovotlandiya” kafesini yoqib yuborib, besh kishining o‘limiga sababchi bo‘lgan shaxslarga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda “Sevimli” telekanali lavhasida ma’lum qilindi.
Joriy yilning 27 fevral soat 03:51 da Chilonzor tumanida joylashgan “Shovotlandiya” kafesida yong‘in sodir bo‘lgandi. Voqea joyiga 4 ta yong‘in o‘chirish bo‘linmalari jalb etilib, soat 04:37 da yong‘in to‘liq o‘chirilgan.
Yong‘in oqibatida besh kishi halok bo‘lgan va kafening tom qismi hamda ichki jihozlari, 150 kvadrat metr maydoni yonib jiddiy zararlangandi. Fojiada Javohir J. (1998 yilda tug‘ilgan), Xudayshukur X. (1998 yilda tug‘ilgan), Bibijon A. (1961 yilda tug‘ilgan), Madina B. (1999 yilda tug‘ilgan) va Shohsanam A. (1996 yilda tug‘ilgan) halok bo‘lgan.
Tezkor-qidiruv tadbirlarida binoga qasddan yong‘in yetkazgan shaxs joriy yilning 27 fevral kuni soat 03:30 larda Matiz avtomashinasida manzilga kelib, bino devorlariga o‘zi bilan olib kelgan shisha idishdagi suyuqlikni sepib, so‘ng yana bir idishdagi suyuqlikni bino ichkarisiga otgan va alanga chiqishini kuzatib, yong‘in sodir bo‘lganidan so‘ng voqea joyini yashirincha tark etgani aniqlangandi.
Holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 173-moddasi 2-qismi “b,v” bandlari (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildgan.
Ushbu jinoyat muqaddam JKning uchta moddasi bilan sudlangan Samarqand viloyati Toyloq tumanida yashovchi S.F. tomonidan sodir etilganligi aniqlanib, ushlangan.
Sud-tibbiyot ekspertizasining xulosalariga ko‘ra, bino ichida uxlab yotgan 60 yoshli ayol, 23 yoshli ikki nafar yigit, 22 va 25 yoshli ikki nafar qiz is gazidan zaharlanish fonida tananing 100 foiz 3−4 darajali termik kuyishi oqibatida vafot etgan.
Sud hukmi bilan yong‘inga sababchi sifatida gumon qilingan 36 yoshli fuqaro Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2-qismining “a, v, d, j, p” bandlari (qasddan odam o‘ldirish), 165-moddasining 1-qismi (tovlamachilik), 173-moddasi 2-qismining “b, v” bandlarida (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi. Unga JKning 59-moddasi 4-qismi tartibida tayinlangan yengilroq jazolarni umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan qoplash orqali uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Shuningdek, 26 yoshli sudlanuvchi Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2-qismining “a, v, d, j, p” bandlari (Qasddan odam o‘ldirish), 173-moddasi 2-qismining “b, v” bandlarida (Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi. Jinoyat kodeksi 59-moddasining 4-qismi tartibida tayinlangan yengilroq jazolarni umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan qoplash orqali uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Sud hukmi e’lon qilingan kundan 20 kun o‘tib kuchga kiradi.
LiveBarchasi