Armaniston: Ozarbayjon Qorabog‘da keng ko‘lamli hujumga o‘tdi
Olam
−
28 Sentabr 2020
19198Ozarbayjon Qurolli kuchlari Tog‘li Qorabog‘da keng ko‘lamli hujumlarni boshladi, deb xabar tarqatdi Armaniston Mudofaa vazirligi vakili Arsrun Ovannisyan o‘zining Facebook sahifasida.
Qayd etilishicha, Ozarbayjon Qorabog‘dagi Araks va Matagis-Talish daryosi vodiylarida hujumga o‘tdi. Arman tomoni ma’lum qilishicha, Qorabog‘ mudofaa armiyasi muvaffaqiyatli qarshilik ko‘rsatyapti.
Xususan, Armaniston Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 370 dan ortiq ozariy askar, 22 ta tank va 10 ta boshqa texnika yo‘q qilingan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 27 sentyabr kuni Tog‘li Qorabog‘da qurolli to‘qnashuvlar avj ola boshlagandan keyin Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevga qo‘ng‘iroq qilib, Turkiya ozar xalqining yonida bo‘lishini ma’lum qildi.
So‘ngra Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyanga qo‘ng‘iroq qilib, Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyatni muhokama qildi va vaziyatdan tashvishdaligini bildirdi. Shuningdek, Kreml vakili Dmitriy Peskov Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar tashqi kuchlar tomonidan Rossiyaga bosim o‘tkazish uchun qasddan uyushtirilgani haqidagi taxminlarni rad qildi.
Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari kecha, 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi. Unda mingga yaqin harbiylar va tinch aholi vakillari halok bo‘lgan.
Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytmoqda. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qilib, Armaniston chegarasidagi tinch aholi vakillarini chegara hududlaridan chetga chiqishlarini so‘radi.
Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.
Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi. Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi. Shuningdek, Aliyev 28 sentyabr kuni qisman safarbarlik e’lon qilish haqidagi hujjatni imzoladi.
LiveBarchasi