QALAMPIR.UZ tanqididan so‘ng xaroba maktab ta’mirlanadigan bo‘ldi
Jamiyat
−
24 dekabr
3520Kecha, 23 dekabr kuni QALAMPIR.UZ Toshkent viloyati Bo‘ka tumani Katta Rovot MFY hududida joylashgan 10-son umumiy o‘rta ta’lim maktabining qishda ta’lim olish uchun yaroqsizligi haqida material e’lon qilgan edi. Bugun, 24 dekabr kuni Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mazkur materialga munosabat bildirib, maktabning ta’mirlanishini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ushbu materialda keltirilgan holatni o‘rganish va bartaraf etish bo‘yicha viloyat hokimligi, viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, Bo‘ka tumani hokimligi, Bo‘ka tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ul shaxslaridan iborat ishchi guruh tuzilgan.
Ushbu materialda keltirilgan maktab uchun 2019 yili mahallada joylashgan kollej binosi berilgan. Maktabdagi 13 ta sinfda 248 nafar 5-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilar tahsil oladi. Maktabning eski binosi 1988 yilda foydalanishga topshirilgan bo‘lib, ayni vaqtda mazkur binoda boshlang‘ich 8 ta sinfdan iborat 153 nafar 1-4-sinflar o‘qimoqda.
Bildirilishicha, o‘rganish davomida tuman hokimligi tomonidan asosiy binodagi sinfxonalar pol qismi, deraza oynalarning berkitilishi hokimlik tomonidan amaliy yordam qilinib, o‘quvchilarning qishki ta’til vaqtida ta’mirdan chiqarib berilishi rejalashtirilgan. Ko‘mir videoda keltirilganidek yaroqsiz emas.
Maktabning eski binosi – ayni paytda boshlang‘ich sinflarda tahsil olayotgan bino kelgusi o‘quv yilida mahalliy byudjetdan kapital ta’mirlash uchun rejaga kiritiladi. Amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha ma’lumotlar berib boriladi.
Lekin, maktab ma’muriyatining QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, bundan oldin ham bir necha marta uni ta’mirlash bo‘yicha va’da berilgan. Xo‘sh, mas’ullar bu safar o‘z va’dalarining ustidan chiqadimi? QALAMPIR.UZ vaziyatni kuzatib boradi.
LiveBarchasi