Putinning taklifini inkor qilgan Qozog‘iston Ukrainaga gumanitar yordam ko‘rsatadi
Olam
−
07 mart 2022
24051Qozog‘iston Ukraina fuqarolariga dori-darmon va boshqa zarur mahsulotlar bilan gumanitar yordam ko‘rsatishga tayyor, hozirda uni manziliga yetkazishning transport imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan bo‘lgan suhbatda ma’lum qildi.
Qosim-Jomart To‘qayevning ta’kidlashicha, barcha davlatlar BMT Nizomi normalari va tamoyillariga qat’iy rioya qilishlari kerak. Ukraina inqirozi kelib chiqishi jihatidan ancha murakkab, ammo tinch aholiga ko‘proq zarar yetkazmaslik va fuqarolik infratuzilmasi butunlay vayron bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun diplomatik imkoniyatlarni izlash lozim.
Shuningdek, suhbat davomida Frank-Valter Shtaynmayer Rossiya rahbariyatining Ukrainada harbiy kampaniya boshlash haqidagi kutilmagan qarori, bu mamlakatda gumanitar falokatga olib kelgani sabablari bo‘yicha Yevropa Ittifoqining pozitsiyasini bayon qilgan.
“Qozog‘iston Ukraina fuqarolariga dori-darmon va boshqa zarur mahsulotlar bilan gumanitar yordam ko‘rsatishga tayyor, hozirda uni manziliga yetkazishning transport imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda. Shu bilan birga, hukumatimiz 435 nafar fuqaromizning o‘z Vataniga, 650 nafardan ortiq fuqaromizning Yevropa davlatlariga evakuatsiya qilinishiga yordam berdi”, degan Qozog‘iston Prezidenti.
Shuningdek, To‘qayev Germaniya Prezidentini o‘zi uchun qulay vaqtda Qozog‘istonga tashrif buyurishni taklif qilgan. Taklif minnatdorlik bilan qabul qilingan.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston Rossiyaning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bo‘yicha taklifiga rad javobini bergan edi. Mamlakat bu javobni G‘arb sanksiyalari butun bir tashkilotga emas, balki alohida davlatga qaratilgani va sanksiyalar iqtisodiy emas, balki siyosiy nuqtayi nazarga ega ekanligi bilan izohlangan edi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi