Putinning gapi uchun Rossiya elchisi javob berdi
Olam
−
22 iyul 2023
12211Kecha, 21 iyul kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Polshaning g‘arbiy hududlari Stalinning “sovg‘asi” ekanini aytgandi. Uning bu gapi uchun endi Rossiyaning Varshavadagi elchisi Sergey Andreyev javob beradigan bo‘ldi. Bu haqda Polsha hukumati rahbari Mateush Moravetskiy o‘zining Twitter'dagi sahifasida ma’lum qildi.
Moravetskiyning yozishicha, Putinning Polsha haqidagi bayonoti ortidan Rossiya elchisi mamlakat Tashqi ishlar vazirligiga chaqiriladi.
Shuningdek, Bosh vazir Stalinga qarshi ayblov qo‘yib, uni “yuz minglab polyaklarning o‘limi uchun javobgar bo‘lgan harbiy jinoyatchi” deb atagan.
“Tarixiy haqiqat muhokama uchun ochiq emas”, deya qo‘shimcha qilgan Polsha Bosh vaziri.
Bugun, 22 iyul kuni esa Polsha Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Pavel Yablonski Rossiya elchisi Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgani va qisqa uchrashuv bo‘lganini ma’lum qilgan.
“Elchi Rossiya Prezidentining bayonotlari, shuningdek, Rossiya Federatsiyasining Polsha va uning ittifoqchilariga qarshi boshqa nodo‘stona harakatlari munosabati bilan chaqirildi”, degan Pavel Yablonski.