Putinning huzuriga kelgan Pashinyan Ozarbayjon bilan chegaradagi vaziyatdan shikoyat qildi
Olam
−
08 iyul 2021
6224Avvalroq Armaniston Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Nikol Pashinyan Moskvada Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishi haqida xabar bergandik. Qayd etish kerakki, Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ikki davlat rahbarining uchrashuvi oldidan muzokaralar markazida Tog‘li Qorabog‘ mavzusi bo‘lishini ma’lum qilgandi.
Kremlda o‘tgan uchrashuvda Armaniston Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘ masalasi bo‘yicha Rossiyaning ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorlik bildirgan, biroq shu bilan birga Armaniston va Ozarbayjon chegarasidagi vaziyat keskinligicha qolayotganini ma’lum qilgan.
“Aytishim kerakki, Rossiya tinchlikparvar kuchlari Tog‘li Qorabog‘ga joylashtirilganidan so‘ng, mintaqadagi vaziyat barqaror, ammo vaqti-vaqti bilan ba’zi beqarorlik o‘choqlari paydo bo‘lmoqda. Bugun siz bilan bu nima uchun va qanday qilib sodir bo‘layotgani haqidagi baho va fikrlarim bilan bo‘lishmoqchiman. Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi chegarada vaziyat hali ham barqaror emas va biz bu haqda bir necha bor gaplashgan edik. Aytmoqchimanki, so‘nggi ikki oydan beri doimiy tashvishdamiz. Umid qilamanki, biz bugun ushbu masalaga soatlarni bag‘ishlay olamiz”, deydi Armaniston yetakchisi.
Qayd etish kerakki, joriy yilning 6 iyul kuni Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Armaniston qurolli otryadlari Ozarbayjon armiyasining Ag‘dam viloyati Aliagali qishlog‘i yo‘nalishida joylashgan harbiy qismlariga qarata o‘q uzgani hamda bir harbiy xizmatchi yaralanganini ma’lum qilgandi.
Ikki davlat rahbarlari uchrashuv davomida Tog‘li Qorabog‘dan tashqari Armanistonda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari haqida ham gaplashgan. Suhbat chog‘ida Vladimir Putin Nikol Pashinyanni Armaniston parlamenti saylovlaridagi g‘alabasi bilan tabriklagan.
“Bunday murakkab, o‘ta keskin va nozik masalalarni samarali ishlash uchun imkoniyat borligidagina hal qilish mumkin. Buning uchun eng muhimi xalq ishonchiga ega bo‘lishdir. Bu esa sizda bor, saylov natijalari shuni ko‘rsatmoqda”, deydi Rossiya rahbari.
Shu bilan birga, Pashinyan Armanistonga yetkazdirib berilgan “Sputnik V” antikovid vaksinasini uchun Vladimir Putinga minnatdorlik bildirgan. Pashinyanning so‘zlariga ko‘ra, shu kungacha respublikaga yuz mingdan ortiq dozadagi vaksina yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, Armanistonda o‘tkazilgan parlament saylov natijalariga ko‘ra, Nikol Pashinyanning Mening qadamim partiyasi hukumatni mustaqil ravishda shakllantirish uchun yetarli miqdordagi ovoz to‘plagan. U 53,91 foiz ovozga ega. Respublikaning sobiq Prezidenti Robert Kocharyanning “Armaniston” bloki 21,9 foizga ega bo‘ldi. Uchinchi o‘rinni esa 5,22 foiz bilan Milliy xavfsizlik xizmatining sobiq rahbari Artur Vanetsyan va Armanistonning uchinchi Prezident Serj Sargasyanning “Menda sharaf bor” bloki egalladi.
Ma’lumot o‘rnida, Tog‘li Qorabog‘dagi mojaro 2020 yil sentyabr oyi oxirida avj oldi va mintaqada faol janglar boshlandi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan 2020 yilning 9 noyabr kuni Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlarning to‘liq to‘xtatilishi to‘g‘risida qo‘shma bayonot imzoladi. Hujjatga ko‘ra, Ozarbayjon va Armaniston tomonlari egallab olgan pozitsiyalarida to‘xtadi, bir qator mintaqalar Baku nazorati ostiga o‘tdi. Rossiya tinchlikparvar kuchlari aloqa liniyasi va Lochin yo‘lagi bo‘ylab joylashtirildi.