Putin Zelenskiy bilan qanday sharoitda aloqa qilishini aytdi

Olam 18217
image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘rtasidagi aloqalar ehtimoli Kiyev haligacha izchillik ko‘rsatmagan Rossiya-Ukraina muzokaralari natijalariga bog‘liq. Bu haqda bugun, 22 aprel kuni Rossiya yetakchisi Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel bilan suhbatda ma’lum qildi.  

“Sharl Mishelning Vladimir Zelenskiy bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish haqidagi chaqirig‘iga javoban Rossiya Prezidenti bu boradagi ma’lum pozitsiyasini yana bir bor tasdiqlab, bunday imkoniyat, Rossiya va Ukraina vakillari o‘rtasida davom etayotgan muzokaralardagi aniq natijalarga bog‘liqligini ta’kidladi”, deyiladi suhbat yakunlari bo‘yicha Kreml saytida e’lon qilingan xabarda.

Qayd etilishicha, Ukraina tomoni  o‘zaro maqbul yechimlarni izlashga tayyor emas.

Suhbat davomida Putin va Mishel Ukrainadagi vaziyatning rivojlanishini ham muhokama qilgan. 

“Sharl Mishel yaqinda Kiyevga safari chog‘ida Ukraina rahbariyati bilan aloqalar haqida ma’lumot berdi. Vladimir Putin Donbass respublikalarini himoya qilish bo‘yicha maxsus harbiy operatsiya bilan bog‘liq o‘zining fundamental baholarini aytdi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Yevropa kengashi rahbariga Ukrainadagi tinch aholini himoya qilish choralari haqida ham gapirib bergan. 

“Rossiya Prezidenti tinch aholini himoya qilish bo‘yicha doimiy asosda ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, har kuni gumanitar yo‘laklar ochilishi va tinch aholini jangovar hududdan xavfsiz evakuatsiya qilish uchun sukunat rejimi e’lon qilinishi haqida gapirdi”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bir necha bor Putinni muzokara qilishga chorladi, ammo Kreml hamon bu borada sukut saqlayapti.

Avvalroq, Sharl Mishel Kiyevgaga borgani haqida xabar bergan edik. Tashrif davomida YeI Ukrainaga qurol uchun 1,5 milliard yevro ajratishini aytgandi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

Yulduz Abdurashidova
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 38
Reyting: 3.3
t
×