Putin yil oxirigacha Ukrainaning 4 ta viloyatini bosib olmoqchi
Olam
−
19 may
8413Rossiya Prezidenti Vladimir Putin rossiyalik qo‘shinlar yil oxirigacha Ukraina Qurolli Kuchlarining mudofaasini buzib o‘tib, Ukrainaning to‘rtta viloyati – Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporojeni to‘liq qo‘lga kirita olishiga ishonchi komil. Bu haqda bugun, 19 may kuni xabardor manbasiga tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.
Agentlik manbasiga ko‘ra, Putin AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan bo‘lajak suhbatida Moskva urush boshlanganidan ko‘p o‘tmay anneksiya qilinganini e’lon qilgan Ukrainaning ushbu to‘rtta hududi ustidan Rossiya nazoratni to‘liq o‘z qo‘liga olishi mumkinligiga bo‘lgan ishonchiga asoslanadi.
Shu bilan birga, Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti tahlilchisi Ben Barrining fikricha, Rossiya yil oxirigacha Donbass, Zaporoje va Xerson viloyatlarini to‘liq qo‘lga kiritishi ehtimoli nihoyatda past.
“Agar Ukraina Qurolli Kuchlarining mudofaasi qulab tushsa, o‘shanda bu hududlarni egallash oddiy ish bo‘ladi, ammo hozir bunday ssenariy juda dargumon ko‘rinadi”, dedi u “Bloomberg”ga.
“Bloomberg”ning qayd etishicha, Tramp urushni tezda tugatishga umid qilmoqda, Putin esa, o‘z navbatida, janglarni to‘xtatishga tayyorlik alomatlarini ko‘rsatmayapti. Agentlik manbasining fikricha, Rossiya Prezidenti AQSHning Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish haqidagi tahdidlariga ham xotirjam.
Tramp avvalroq, agar Putin Ukrainada 30 kunlik otashkesimga rozi bo‘lmasa, Rossiyaga nisbatan cheklovlarni kuchaytirishga tayyorligini bildirgan edi.
Shu bilan birga, “Bloomberg” Rossiya o‘t ochishni to‘xtatmaganini, Amerika sanksiyalarining yangi paketi hali qabul qilinmaganini ta’kidlaydi.
Putin va Tramp o‘rtasidagi telefon muloqoti bugun, 19 mayga rejalashtirilgan. Oq uy rasmiylari va Trampning o‘zi AQSH va Rossiya Prezidentlari o‘rtasida shaxsiy uchrashuv bo‘lib o‘tishi mumkinligini aytgan, biroq u hozircha belgilanmagan. Tramp, shuningdek, Putin bilan uchrashmaguncha, Ukraina tinchlik muzokaralarida hech qanday yutuq bo‘lmasligini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, “The Economist” muxbiri Oliver Keroll 16 may kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan Rossiya-Ukraina muzokaralarida Rossiya Ukraina qo‘shinlarini Lugansk, Donetsk, Xerson va Zaporoje viloyatlaridan olib chiqib ketishni talab qilgani, shuningdek, Ukrainaning Xarkov va Sumi viloyatlarini ham bosib olish bilan tahdid qilgani haqida xabar bergandi.
LiveBarchasi