Rossiya va Ukraina Istanbulda nimalarga kelishib oldi?

Olam

image

Bugun, 16 may kuni Istanbuldagi muzokaralarda Ukraina va Rossiya delegatsiyalari “yaqin kunlarda” “1000 ga 1000” formatida mahbuslar almashinuvini amalga oshirishga kelishib oldi. Bu haqda Rossiya va Ukraina delegatsiyalari rahbarlari, Rossiya Prezidenti yordamchisi Vladimir Medinskiy va Ukraina Mudofaa vaziri Rustam Umarov ma’lum qildi.

Umarovning so‘zlariga ko‘ra, to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar chog‘ida Prezidentlar Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiyning shaxsiy uchrashuvi ham muhokama qilingan. Ukraina delegatsiyasi rahbarining qo‘shimcha qilishicha, Rossiya bilan mumkin bo‘lgan yangi muzokaralar “yaqin vaqt ichida e’lon qilinadi”.

Medinskiy esa jurnalistlarga Rossiya tomoni “uchrashuv natijalaridan umuman qoniqish hosil qilgani” va “aloqalarni davom ettirishga tayyorligini” aytdi.

Rossiya Prezidenti yordamchisining so‘zlariga ko‘ra, Ukraina tomonining Putin va Zelenskiy o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish haqidagi iltimosi “inobatga olingan”. Medinskiy, shuningdek, tomonlar o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha batafsil rejalarni almashgandan so‘ng muzokaralarni davom ettirishga kelishib olganini aytdi.

“The Economist” muxbiri Oliver Kerollning xabar berishicha, Rossiya Ukraina qo‘shinlarini Lugansk, Donetsk, Xerson va Zaporoje viloyatlaridan olib chiqib ketishni talab qilgan, shuningdek, Ukrainaning Xarkov va Sumi viloyatlarini ham bosib olish bilan tahdid qilgan. 

Kerollning manbasiga ko‘ra, Medinskiy muzokaralarda Ukraina delegatsiyasiga quyidagicha savol bergan: 

“Biz urushni xohlamaymiz, lekin yana bir yil, ikki, uch yil — qancha kerak bo‘lsa, shuncha urushishga tayyormiz. Biz Shvetsiya bilan 21 yil urushdik. Siz qancha vaqt jang qilishga tayyorsiz?”

Rossiya va Ukraina o‘rtasida 2022 yildan buyon birinchi to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar taxminan bir yarim soat davom etdi. Dastlab uchrashuv shu kuni davom etishi mumkinligi xabar qilingandi. Biroq axborot agentliklari shundan so‘ng muzokaralar “to‘xtatilgani” haqida xabar berdi va delegatsiyalar rahbarlari matbuotga bayonot berishdi.

Ukraina delegatsiyasi: Rossiya noreal talablar qo‘ymoqda

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralar 16 may kuni tushdan keyin Istanbuldagi Dolmabaxche prezidentlik saroyida boshlandi. Muzokara boshlanishidan oldin Umarov Rossiya 30 kunlik otashkesimga rozi bo‘lsa, o‘g‘irlab ketilgan ukrainalik bolalarni qaytarsa ​​va harbiy asirlarni almashtirsa, tinchlik o‘rnatilishi mumkinligini aytdi.

Medinskiyning ta’kidlashicha, Rossiya tomoni Istanbuldagi muzokaralarni “2022 yilda to‘xtatilgan tinchlik jarayonining davomi” deb biladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya delegatsiyasi “konstruktiv yondashish, mumkin bo‘lgan yechimlar va aloqa nuqtalarini topishga qaratilgan”.

Biroq Istanbuldagi muzokaralardan so‘ng, Ukraina muzokaralari doiralaridan Rossiyaning muzokaralardagi talablari haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi va ilgari muhokama qilingan barcha narsalardan sezilarli darajada oshib ketgani haqida ma’lumot olindi. Ukraina delegatsiyasiga yaqin bo‘lgan insayderning so‘zlariga ko‘ra, Moskva talablari “Ukraina o‘t ochishni to‘xtatishga erishish uchun o‘z hududidan chiqib ketishi kerakligi haqidagi ultimatumlarni hamda boshqa qabul qilib bo‘lmaydigan va konstruktiv bo‘lmagan shartlarni o‘z ichiga oladi”.

Zelenskiy Turkiyada Putin bilan uchrashishga tayyor 

Putin Ukrainaga ushbu sanadan besh kun oldin 15 may kuni Istanbulda to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishni taklif qilgan. Zelenskiy o‘z roziligini bildirdi, biroq Turkiyada faqat shaxsan Rossiya rahbari bilan muzokaralar olib borishga tayyorligini bildirdi. AQSH Prezidenti Donald Tramp 14 may kuni uning Istanbuldagi muzokaralarda ishtirok etishi mumkinligini ma’lum qildi.

Oxir-oqibat Rossiya Prezidenti Medinskiy boshchiligidagi delegatsiyani Istanbulga jo‘natib, o‘zi kelmadi. Zelenskiy ham Umarovni Ukraina delegatsiyasi rahbari etib tayinladi. Tramp ham muzokaralarda ishtirok etishdan bosh tortdi, biroq Putin bilan “muzokaralar kelishilishi bilanoq” uchrashishga tayyorligini aytdi.

AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Tramp va Putinning uchrashuvigina kelishuvda siljishga olib kelishi mumkin, degan fikrni bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Istanbul Rossiya Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing