“Putin yangi qurolga ega bo‘ladi”. Yevropadagi gaz narxi uchun Rossiyani jazolash taklif qilindi
Olam
−
12 Oktabr 2021
11643AQSH Kongressi a’zosi Maykl Makkol Yevropada gaz narxining oshib ketgani uchun Rossiyaning “Shimoliy oqim 2” gaz quvuriga qarshi sanksiyalar kiritishni taklif qildi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya gazni Yevropa bozoriga chiqishini cheklagani sabab, uning narxi oshib ketgan. Bu haqda RIA Novosti xabar bermoqda.
“Kreml Yevropaga gaz yetkazib berishni to‘xtatib qo‘ydi. Bu esa gaz narxining keskin ko‘tarilishiga va qit’ada qish oldidan zaxiralarning kamayishiga olib keldi”, deydi Respublikachi kongressmen Maykl Makkol.
Shuningdek, Makkol Rossiya Bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novakdan iqtibos keltirgan. Rossiyalik amaldor Yevropada gaz narxini barqarorlashtirish uchun qurilishi allaqachon yakunlangan, ammo foydalanishga topshirilmayotgan “Shimoliy oqim 2” loyihasini tezroq sertifikatlash kerakligini aytgandi.
Makkol AQSH Prezidenti Jo Bayden va Germaniya kansleri Angela Merkelni mintaqaviy gaz bozorini “manipulyatsiya qilish” va “qit’ada energetik inqiroz”ni qo‘zg‘atish orqali Yevropaga bosim o‘tkazishga urinayotgan Rossiyaga e’tibor bermayotganlikda aybladi.
“Agar Bayden “Shimoliy Oqim 2” ga qarshi muhim sanksiyalar uchun istisnoni bekor qilmasa va gaz quvurini to‘xtatmasa, Rossiya Prezidentiga Ukraina va boshqa yevropalik sheriklarimizga qarshi ishlatilishi mumkin bo‘lgan yana bir zararli ta’sir qurolini beradi”, deydi Maykl Makkol.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 6 oktyabr kuni Yevropadagi gaz qimmatlashuvi Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning taklifi sabab to‘xtadi.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 10 sentyabrida “Gazprom”ning Yevropaga gaz yetkazib berishni amalga oshirish bo‘yicha eng yirik loyihasi bo‘lgan “Shimoliy oqim-2” quvurining qurilishi rasman yakunlandi. Bir kun oldin Yevropada gaz narxi o‘zining navbatdagi tarixiy maksimumini yangilab, o‘sha paytdagi rekord darajaga — har ming kub metr uchun 700 dollarga yetdi.
“Gazprom” bosh direktori Aleksey Millerning ta’kidlashicha, Yevropada gazni yer osti gaz omborlariga quyishning ortda qolishi va gazga bo‘lgan talabning oshishi rekordlarni yangilagan va narx o‘sishda davom etishi mumkin.
Fitch xalqaro reyting agentligining Tabiiy resurslar va tovarlar bo‘yicha guruhi katta direktori Dmitriy Marinchenkoning aytishicha, bozor ishtirokchilari qishda iste’molchilar yoqilg‘i taqchilligiga duch kelishi mumkinligidan qo‘rqishi oqibatida gaz narxi oshmoqda.
OPEK ekspertlarining fikricha, kelgusi 25 yil ichida gazga bo‘lgan talab o‘sishda davom etadi. Tashkilot prognozlariga ko‘ra, gazga bo‘lgan talab 2020 yildan 2045 yilgacha kuniga 21,6 million barrelga oshadi va buning natijasida 2045 yilda umumiy talab kuniga 85,7 million barrelga yetadi.
LiveBarchasi