Putin va Makron gaplashib oldi
Olam
−
03 may 2022
11362Bugun, 3 may Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron telefon orqali muloqot qildi. Suhbat 2 soat-u 10 daqiqa davom etdi. Bu haqda Fransiya Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Makron yana bir bor o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilgan, shuningdek, Rossiyani bu buzg‘unchi tajovuzga chek qo‘yib, Xavfsizlik kengashining doimiy a’zosi sifatida o‘z majburiyatlarini bajarishga chaqirgan.
Shuningdek, u Mariupoldagi vaziyat va Donbassdagi umumiy vaziyatdan chuqur xavotir bildirgan. Makronning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya yaqin kunlarda boshlangan “Azovstal” zavodidan evakuatsiya qilishni davom ettirishga ruxsat berishi kerak. Xususan, gumanitar tashkilotlar bilan muvofiqlashtirish va tinch aholiga qayerga olib ketilishini tanlashga imkon berilishi lozim.
Bundan tashqari, Fransiya raxbari Qora dengiz orqali Ukraina oziq-ovqat eksportining Rossiya blokadasini olib tashlashga yordam berish uchun vakolatli xalqaro tashkilotlar bilan ishlashga tayyorligini bildirgan.
“Blokada global oziq-ovqat xavfsizligi uchun dahshatli oqibatlarga olib kelishi mumkin”, deyiladi xabarda.
Davlat rahbari Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini to‘liq hurmat qilgan holda tinchlikni ta’minlash maqsadida muzokaralarni davom ettirishga tayyor ekanini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Prezidenti Ukraina vakillari bilan muzokaralar olib borishning prinsipial yondashuvlarini aytib o‘tgani va Kiyevning nomuvofiqligi hamda jiddiy ishlashni istamasligiga qaramay, Rossiya tomoni hali ham muloqotga ochiq ekanini ta’kidlagan edi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi