Putin O‘zbekistonning Ukraina bo‘yicha neytral siyosati uchun minnatdorlik bildirdi
Jamiyat
−
06 iyun
9147Rossiya Prezidenti Vladimir Putin O‘zbekistonga Ukraina bo‘yicha betaraflik va muvozanat uchun minnatdorlik bildirdi. Bu haqda u kecha, 5 iyun kuni xorijiy axborot agentliklari rahbarlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Putin O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida Mirziyoyev bilan Ukraina masalalarini muhokama qilgan.
“Prezident Mirziyoyev, shubhasiz, Ukraina inqirozini tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori bo‘lib, u Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealardan xavotirda ekanligini bildirdi. Biz O‘zbekistonning siyosati betaraf va juda muvozanatli ekanligi uchun Prezidentdan minnatdormiz ”, degan Rossiya rahbari.
Shuningdek, Putin Mirziyoyev bilan Afg‘oniston masalasini ham muhokama qilganini aytdi.
“O‘zbekiston oldida turgan muammo – bu jahon okeaniga, dengizlarga chiqish muammosi, buning hammasi aniq. Bu yerda turli xil variantlar mavjud, jumladan, Afg‘oniston hududi orqali logistikani rivojlantirish, logistikaning barcha turlari: quvur transporti, temir yo‘l transporti, avtomobil transporti, energiya resurslari, elektr energiyasi va boshqalarni yetkazib berish va hokazo. Va, albatta, bu borada Afg‘onistondagi barqarorlik O‘zbekiston uchun ham, biz uchun ham juda muhim. Afg‘onistondagi hokimiyatni “Tolibon” nazorat qiladi va, albatta, biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti darajasidagi barcha kelishuvlar amalga oshirilishini ta’minlashimiz kerak, jumladan hukumatda Afg‘onistondagi barcha etnik guruhlarning ishtiroki. Bu nozik, juda muhim savol. Lekin biz “Tolibon” hukumati bilan munosabatlarni o‘rnatishimiz kerak”, degan Putin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga telegramma yo‘llab, unda mamlakatga davlat tashrifi chog‘ida o‘ziga va Rossiya delegatsiyasiga ko‘rsatilgan qabul va mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirgandi.
LiveBarchasi