Putin urushni qoralagan to‘rt olimni “ko‘chaga uloqtirdi”

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Rossiya Xavfsizlik kengashi qoshidagi ilmiy kengashdan to‘rt nafar ekspertni chiqarib yubordi. Bu haqda “Meduza” Prezidentning 28 martdagi qaroriga asoslanib, xabar berdi.

Kengash tarkibidan quyidagi olimlar chiqarilgan:

•  Aleksey Gromiko — Rossiya Fanlar akademiyasining Yevropa instituti direktori;

•  Aleksandr Nikitin — Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Moskva xalqaro munosabatlar davlat instituti va Yevro-Atlantika xavfsizligi markazi direktori;

•  Aleksandr Panov — Rossiya Fanlar akademiyasining AQSH va Kanada instituti bosh ilmiy xodimi;

•  Sergey Rogov — Rossiya Fanlar akademiyasining AQSH va Kanada instituti ilmiy direktori.

Qayd etilishicha, ularning kengash tarkibidan chiqarilish sabablari farmonda ko‘rsatilmagan. Xavfsizlik kengashi xodimlarining “Kommersant”ga aytishicha, gap a’zolari vaqti-vaqti bilan almashinadigan ilmiy kengashni “yangilash” haqida ketmoqda. Prezident farmonida ular kim bilan almashtirilgani aks etmagan.

Mart oyi boshida ushbu to‘rtta olim ham AQSH va Yevropa davlatlaridan kelgan hamkasblari bilan birgalikda “Ikkinchi jahon urushidan keyin Yevropa qit’asidagi eng yirik inqirozdan o‘ta xavotir bildirilgan” bayonotni imzolagan. Murojaat mualliflari mojaro tomonlarini o‘t ochishni to‘xtatishga, gumanitar masalalarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga, yadroviy ritorikadan tiyilishga, bir tomondan AQSH va NATO, bir tomondan Rossiya o‘rtasida harbiy hodisalarning oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida kelishib olishga chaqirgan. 

Aleksey Gromiko RTVIga o‘zi va boshqa ekspertlar Xavfsizlik Kengashi a’zoligidan nega chiqarib yuborilganini bilmasligini ma’lum qilib, rasmiylarga ularning tavsiyalariga quloq solmaslikni taklif qilgan.

“O‘sha kunlarda mazkur bayonot mamlakatimizning milliy manfaatlari nuqtai nazaridan katta ma’noga ega edi”, deydi u.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

49

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing