Putin saylovdan keyingi birinchi xorijiy safarini Xitoyga rejalashtirmoqda – “Reuters”
Olam
−
19 mart
5491Rossiyaning qayta saylangan Prezidenti Vladimir Putinning birinchi xorijiy safari Xitoyga bo‘lishi va u yerda XXR raisi Si Szinpin bilan uchrashishi mumkin. Bu haqda manbalariga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Tashrif haqidagi ma’lumot agentlikka to‘rtta mustaqil manba tomonidan tasdiqlangan. Ikki manbaning qo‘shimcha qilishicha, safar may oyining ikkinchi yarmida bo‘lib o‘tadi. Manbalardan birining aytishicha, Putinning tashrifi Xitoy rahbari Si Szinpinning Yevropaga rejalashtirilgan safari oldidan bo‘lib o‘tadi.
“Politico” nashrining yozishicha, may oyida Si Szinpin Fransiyaga boradi va Yevropa rasmiylarini Ukraina bo‘yicha tinchlik muzokaralari stolida Rossiya ham bo‘lishi kerakligiga ko‘ndirishga urinadi.
Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov davlat rahbari bir necha xorijiy tashriflarni rejalashtirayotganini aytgan.
Ma’lumot uchun, Rossiyada prezidentlik saylovlari 15-17 mart kunlari bo‘lib o‘tdi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, Vladimir Putin 87,28 foiz ovoz to‘plagan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 fevral kuni Rossiya rahbari bilan Qozonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvida Putinning g‘alaba qozonishiga ishonch bildirgan va saylovdan keyingi ilk tashriflardan birini O‘zbekistonga qilishini taklif qilgandi.
LiveBarchasi