Putin Ramzan Qodirov bilan uchrashdi (video)

Olam

image

Bugun, 28 sentyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Checheniston rahbari Ramzan Qodirov bilan uchrashdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.

Suhbat davomida Ukrainadagi urush mavzusi ko‘tarilagan va Putin janglarda qatnashayotgan chechenistonlik harbiylar va ularning oilalariga ezgu tilaklar bildirgan.

“Bilaman, siz hamisha bu masalalarda, jumladan frontda jasorat va qahramonlik ko‘rsatayotgan yigitlarimizning oilalarini qo‘llab-quvvatlaysiz”, degan Putin.

Putinning ta’kidlashicha, u chechen bo‘linmalari boshqa tuzilmalar bilan yaxshi aloqada ekanligidan mamnun.

O‘z navbatida, Qodirov jangchilarning kayfiyati yaxshi ekani, ularga tegishli barcha muammolar hal etilayotganini aytib o‘tgan. 

“Hech qanday Abrams tanklari biz uchun qo‘rqinchli emas. Shunday qilib, bugungi kunda askarlar yaxshi kayfiyatda. Ularning qurollari yetarli. Biz shu kungacha mingta zirhli texnika sotib oldik”, degan Qodirov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Checheniston Rossiyada beshta polk va uchta batalon tuzgan yagona hudud bo‘lib, ularning barchasi bugun Ukrainadagi urushda ishtirok etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, sentyabr oyi o‘rtalarida Ramzan Qodirovning buyrak transplantatsiyasi muvaffaqiyatsiz yakunlangani haqida xabarlar tarqalgandi. Ukraina razvedkasi ham Qodirov surunkali kasalliklarining kuchayishi tufayli og‘ir ahvolda ekanini ma’lum qildi. Ommaviy axborot vositalarida Checheniston rahbarining samolyoti 15 sentyabr kuni taxminan Grozniydan Moskvaga uchgani va uch kun davomida Rossiya poytaxtida qolgani, shuningdek, 17 sentyabr kuni ertalab Moskvadagi markaziy klinik shifoxonasi hududiga Checheniston davlat raqamlariga ega avtomobillar kelgani to‘g‘risida xabarlar tarqalgandi. Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov brifing chog‘ida jurnalistlarning Ramzan Qodirovning sog‘lig‘i haqidagi savollariga javoban, Kreml uning sog‘lig‘i haqida ma’lumotnoma bermasligini bildirgan. Jurnalist Muhammad Toriyev Kreml Qodirovdan keyin uning o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan nomzodlarni ko‘rib chiqayotganini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Vladimir Putin Ramzan Qodirov Checheniston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing