Putin nega Ukrainaga urush ochganini aytdi

Olam

image

Rossiya armiyasining Ukrainani bosib olish maqsadi bo‘lmagan va bo‘lmaydi. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ma’lum qildi.

"Biz yuzaga keltirmagan muammolarni tinch yo‘l bilan hal qilishimiz uchun hech qanday imkoniyat qoldirishmadi. Shu munosabat bilan biz shunchaki maxsus harbiy operatsiyani boshlashga majbur bo‘ldik. Rossiyalik harbiylarning Kiyev va Ukrainaning boshqa shaharlari ostonasida paydo bo‘lishi, bu mamlakatni okkupatsiya qilish maqsadida emas, bizning bunday niyatimiz yo‘q, bu haqda men 24 fevraldagi murojaatimda ham ochiqcha aytdim”, degan Putin hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilishda.

Shuningdek, u Mudofaa vazirligi va Bosh shtab tomonidan ishlab chiqilgan harbiy harakatlar taktikasi o‘zini to‘liq oqlaganini ta’kidlagan.

Qayd etish kerakki, bugungi kunda Rossiya-Ukraina urushini to‘xtatish uchun muzokaralar olib bormoqda. Hozirgacha tomonlar to‘rt marta muzokara o‘tkazdi. 

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, muzokaralarda Ukrainani neytral davlat maqomini olishi muhokama qilinmoqda. Bu borada Shvetsiya va Avstriya versiyalari muqobil sifatida ko‘rilyapti.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

501

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing