Putin Mirziyoyevga AQSH bilan muzokaralari haqida ma’lumot berdi

Olam

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 8 avgust kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda ikki davlat rahbarlarining matbuot xizmatlari xabar berdi.

Prezidentlar ikki tomonlama va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar ko‘rib chiqqan. Rossiya Prezidenti 6 avgust kuni Moskva shahrida AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff bilan o‘tkazilgan muzokaralarning asosiy natijalari haqida ma’lum qilgan.

Kreml matbuot xizmatining yozishicha, Shavkat Mirziyoyev ushbu Uitkoff bilan muzokaralar haqidagi muhim ma’lumot uchun minnatdorlik bildirib, Ukraina inqirozini hal qilishning siyosiy va diplomatik yo‘llarini izlash borasidagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashini aytgan.

“Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning amaliy jihatlari ham muhokama qilindi. O‘zaro tovar ayirboshlash va investitsiya ko‘rsatkichlarining o‘sish sur’atini ta’minlash, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish, hududlar darajasida sermahsul aloqalar, ishbilarmonlik va gumanitar almashinuvlarni davom ettirishga qaratilgan muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni qabul qilishga alohida e’tibor qaratildi”, deyiladi O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabarida.

Shuningdek, O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari bo‘lajak uchrashuv va tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqqan.

Eslatib o‘tamiz,  6 avgust kuni Kremldagi uchrashuvdan so‘ng Rossiya Prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov Prezident Vladimir Putin AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff bilan uchrashuvi chog‘ida Oq uy rahbariga Ukrainadagi mojaroni hal etish bo‘yicha bir nechta signallar yuborganini aytgandi. Uchrashuv taxminan uch soat davom etdi. Kreml matbuot xizmati muzokaralar yakunlangani haqida xabar berdi, biroq uchrashuv tafsilotlarini ochiqlamadi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Vladimir Putin Stevin Uitkoff

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing