Putin Mirziyoyev va To‘qayev bilan gaz masalasida gaplashgani ma’lum bo‘ldi
Olam
−
27 dekabr 2023
8620Mustaqil davlatlar hamdo‘stligining kecha, 26 dekabr kuni Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan norasmiy sammiti doirasida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Qozog‘iston va O‘zbekiston rahbarlari bilan gaz sohasidagi hamkorlikni muhokama qildi. Bu haqda Rossiya yetakchisining matbuot kotibi Dmitriy Peskov “Izvestiya” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qilgan.
“Biz [MDH sammiti] doirasida O‘zbekiston va Qozog‘iston rahbarlari Putin bilan gaz sohasidagi hamkorlik mavzusini muhokama qilayotganini ko‘ryapmiz”, degan Peskov.
U bu o‘zaro hamkorlik samarali rivojlanayotganini qayd etgan.
Uning eslatishicha, “Gazprom” mavjud eski quvur tizimini bekor qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirgan.
“Shunday tariqa ikki respublika bizdan gaz oladi”, deya qo‘shimcha qilgan Peskov MDH sammiti doirasidagi muloqot har doim samarali va foydali ekanini bildirib.
Peskov MDHning norasmiy sammiti yakunida Rossiya Prezidenti Qozog‘iston va O‘zbekiston rahbarlari bilan alohida ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazganini ham eslatib o‘tgan.
“Norasmiy sammit yakunida Putin mehmonlarni kutib olib, Qozog‘iston Prezidenti va O‘zbekiston Prezidenti bilan alohida ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati tomonidan Mirziyoyev va Putin uchrashuvi haqida berilgan xabarda mavqedoshlar gaz masalasini muhokama qilgani aytilmagan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning noyabr oyi boshida “Gazprom” va Qozog‘iston tabiiy gazni yetkazib berish, tashish va qayta ishlash, shuningdek, uni geologiya-qidiruv va qazib olishga taalluqli strategik hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolagan edi.
Iyun oyida O‘zbekiston “Gazprom” bilan ikki yillik gaz sotib olish shartnomasini tuzdi, kuniga yetkazib berish hajmi 9 million kubometrni, yillik hajmi esa deyarli 2,8 milliard kub metrni tashkil etadi. Ushbu shartnoma bo‘yicha yetkazib berish 2023 yil 7 oktyabrda boshlangan. “Shu bilan birga, Rossiya, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi gaz bo‘yicha hamkorlik gorizonti 15 yilni tashkil etadi va uzoq muddatli hamkorlik shartnomasi 2024 yil o‘rtalarida tuzilishi mumkin”, dedi “Gazprom” rahbari Aleksey Miller. “Markaziy Osiyo – Markaz” gaz quvuri orqali Rossiya gazini teskari yo‘nalishda yetkazib berish 2025 yilning noyabridan kechiktirmay amalga oshirilishi kerak.
Shu bilan birga, “Gazprom” va Qozog‘iston hozirda Ostona shahrini gazlashtirish uchun yetkazib berish yo‘nalishi ustida ishlamoqda, kompaniya Qozog‘iston va O‘zbekistonga yetkazib berish hajmini oshirish uchun yangi yo‘nalishlar va “Buxoro-Ural” gaz quvurini ham ko‘rib chiqmoqda. Bundan tashqari, “Gazprom” O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston orqali uchinchi davlatlarga gaz tranzitini istisno qilmaydi.
LiveBarchasi