Putin Isroildagi qurolli to‘qnashuvlarni to‘xtatish yo‘lini aytdi 

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni AQSH siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli deb atadi. Bu haqda u bugun, 10 oktyabr kuni Iroq Bosh vaziri Muhammad al-Sudaniy bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.

Uning fikricha, Qo‘shma Shtatlar Yaqin Sharqdagi siyosatida Falastin xalqi manfaatlarini mensimagan.

“AQSH har ikki tomonga bosim o‘tkazdi. Dastlab biriga, keyin ikkinchisiga. Lekin har safar Falastin xalqining tub manfaatlari hisobga olinmadi. Men, birinchi navbatda, BMT Xavfsizlik Kengashining mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish to‘g‘risidagi qarorlarini amalga oshirish zarurligini nazarda tutyapman”, degan Prezident.

Putinning fikricha, Isroil va Falastin o‘rtasidagi mojaro Yaqin Sharqdagi qarorgohni monopoliyaga olishga uringan AQSH siyosatining muvaffaqiyatsizligidir.

"Qo‘shma Shtatlar ikkala tomon uchun, Falastin xalqi uchun maqbul bo‘lgan murosa yo‘lini topish bilan shug‘ullanmadi", deydi Rossiya yetakchisi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mojaro paytida tinch aholiga yetkazilgan zararni "minimallashtirish va nolga tushirish" kerak hamda barcha nizolashayotgan tomonlarning bunga amal qilishi tinchlikka erishish uchun muhim.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlangandi. Keyinchalik HAMAS harakati Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlaganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.

Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro AQSH va Yevropa mintaqaviy urushdan jahon urushiga aylanib ketish xavfini tug‘dirayotgan bu mojaroni to‘xtata olishi, lekin ular olovga moy sepayotganini aytgandi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Rossiyaning Yaqin Sharqda mojaro qo‘zg‘atishdan bevosita manfaatdor ekanini qayd etdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Vladimir Putin Isroil HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing