Putin Erdo‘g‘anga ham Tramp bilan o‘tgan uchrashuvi haqida aytib berdi
Olam
−
20 avgust 2025 2159 2 daqiqa
Bugun, 20 avgust kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan telefon orqali suhbatlashdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbat davomida Putin Erdo‘g‘anga 15 avgust kuni Ankorijda bo‘lib o‘tgan uchrashuv haqida batafsil aytib bergan. Davlat rahbarlari Ukrainaga oid so‘nggi vaziyatni muhokama qilgan. Putin Turkiyaning Istanbulda Ukraina vakillari bilan olib borilayotgan muzokaralarga ko‘rsatgan yordamini yuqori baholagan.
Shuningdek, ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalar, jumladan savdo va investitsiya aloqalarini yanada rivojlantirish muhokama qilingan. Shaxsiy aloqalarni davom ettirishga kelishib olingan.
Ma’lumot uchun, 15 avgust kuni AQSHning Alyaska shtatida Tramp va Putinning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 16 avgust kuni soat 04:25 da yakunlandi. Alyaskada bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida Tramp va Putin birgalikdagi brifing o‘tkazdi.
Brifingdan oldin Putin va Tramp “uchga-uch” formatida taxminan 2 soat 45 daqiqa davom etgan muzokaralar o‘tkazdi. Tramp ko‘plab masalalar bo‘yicha kelishuvga erishilganini ta’kidladi, biroq Ukraina masalasida hali bitim yo‘qligini qayd etdi. Putin esa muzokaralarni foydali deb atab, Rossiya Ukrainaga xavfsizlik bo‘yicha ishlashga tayyorligini bildirdi. Davlat rahbarlari jurnalistlarning savollariga javob bermadi.
Eslatib o‘tamiz, 17 avgust kuni Vladimir Putin O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev va 18 avgust kuni Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon hamda Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarov, Janubiy Afrika Prezidenti Siril Ramafosa, Braziliya Prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan bilan telefon orqali muloqot qilib, Alyaskadagi Rossiya-Amerika sammiti natijalari haqida axborot bergandi.
Live
Barchasi