Putin BRICS’dagi sheriklariga Tramp bilan uchrashuv taassurotlarini aytib berdi
Olam
−
18 avgust 2025 3354 2 daqiqa
Bugun, 18 avgust kuni Rossiya rahbari Vladimir Putin BRICS mamlakatlari – Janubiy Afrika Prezidenti Siril Ramafosa, Braziliya Prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
Har uchala davlat rahbarlariga ham Putin AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan yaqinda bo‘lib o‘tgan uchrashuvning taassurotlarini o‘rtoqlashgan.
Qolaversa, ular Ukrainadagi mojaro yuzasidan o‘zlarining pozitsiyasini qayd etib, tomonlarni tinch yo‘l bilan muammoni hal qilishga chaqirgan.
Suhbat davomida mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalar va kelgusi rejalar ham muhokama qilingan.
Ma’lumot uchun, 15 avgust kuni AQSHning Alyaska shtatida Tramp va Putinning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 16 avgust kuni soat 04:25 da yakunlandi. Alyaskada bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida Tramp va Putin birgalikdagi matbuot anjumanida qatnashdi.
Matbuot anjumanidan oldin Putin va Tramp “uchga-uch” formatida taxminan 2 soat 45 daqiqa davom etgan muzokaralar o‘tkazdi. Tramp ko‘plab masalalar bo‘yicha kelishuvga erishilganini ta’kidladi, biroq Ukraina masalasida hali bitim yo‘qligini qayd etdi. Putin esa muzokaralarni foydali, deb atab, Rossiya Ukrainaga xavfsizlik bo‘yicha ishlashga tayyorligini bildirdi. Davlat rahbarlari jurnalistlarning savollariga javob bermadi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 17 avgust kuni Vladimir Putin O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev va bugun, 18 avgust kuni Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon hamda Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarov bilan bilan telefon orqali muloqot qilib, Alyaskadagi Rossiya-Amerika sammiti natijalari haqida axborot bergandi.
Live
Barchasi