Putin “don yo‘lagi”ni yopish bilan tahdid qildi
Olam
−
15 Oktabr 2022
11503Rossiyani Qrim yarimoroli bilan bog‘lovchi Kerch ko‘prigidagi terakt uchun portlovchi moddalar don tashuvchi kemada Odessadan olib chiqilgani tasdiqlansa, Rossiya don yo‘lagini yopadi, biroq bu fakt hali aniqlanmagan. Bu haqda kecha, 14 oktyabr kuni jurnalistlarga Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ma’lum qildi.
“FXXning ta’kidlashicha, portlovchi modda deb ataladigan yuk Odessadan dengiz orqali yuborilgan, ammo bu don tashuvchilar yordamida amalga oshirilganmi yoki yo‘qmi aniqlanmagan. Hozircha bunga javob yo‘q”, deydi Prezident.
U don yo‘laklari eng qashshoq mamlakatlarga mahsulot eksport qilish bahonasida tashkil etilganini eslatgan.
“Ammo insonparvarlik koridorlari terrorchilik harakatlarini amalga oshirish uchun foydalanilayotgani aniqlansa, albatta, bu yo‘lakning ishlashini shubha ostiga qo‘yadi”, deydi u.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 22 iyul kuni Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Turkiya Milliy Mudofaa vaziri Hulusi Akar, Rossiya Milliy Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Ukraina Infratuzilma vaziri Aleksandr Kubrakov ishtirokida “Don yo‘lagi” hujjati imzolandi. Ukrainadan g‘alla eksporti bo‘yicha kelishuv Odessa, shuningdek, Chernomorsk va Yujniydan xavfsiz yo‘laklarni yaratishni nazarda tutadi. Ushbu kelishuv jahon bozorlariga kamida 25 million tonna don yetkazib berish imkonini beradi.
Kelishuv kuchga kirganidan keyin 14 oktyabrgacha Ukraina portlaridan qariyb 7,5 mln tonna don va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari eksport qilindi.
Qrim ko‘prigida portlash
Eslatib o‘tamiz, 8 oktyabr kuni Qrim ko‘prigida portlash yuz berdi va natijada poyezdagi sisternalarda yong‘in chiqdi. Rossiya huquq-tartibot idoralari ko‘prikda yuk mashinasi portlatilganini ma’lum qildi. Qurbonlar haqida ma’lumot yo‘q.
Hodisa yuzasidan Rossiya Tergov qo‘mitasi terrorchilik moddasi bilan jinoiy ish ochdi.
Ukraina Prezidenti devoni rahbarining maslahatchisi Mixail Podolyak hodisaga munosabat bildirib, bu boshlanishi ekanini, noqonuniy qurilgan barcha narsa yo‘q qilinishini ta’kidladi.
Prezident Vladimir Putin buyrug‘i bilan hodisani o‘rganish uchun hukumat komissiyasi tuzildi. Hodisa oqibatida uch kishi halok bo‘ldi.
Rossiya Federatsiyasi FXX va Tergov qo‘mitasi Qrim ko‘prigidagi terakt tashkilotchisi Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi, uning boshlig‘i Kirill Budanov, xodimlari va agentlari bo‘lganini iddao qilmoqda. Qrim ko‘prigidagi portlash bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi doirasida 8 kishi, jumladan, besh nafar Rossiya, uch nafar Ukraina va Armaniston fuqarolari qo‘lga olindi.
Qrim ko‘prigi Rossiyadagi eng uzun ko‘prik bo‘lib, uning uzunligi 19 kilometrni tashkil qiladi. Avtomobil qismi 2018 yil may oyida foydalanishga topshirilgan. 2019 yil dekabr oyida esa uning temir yo‘l qismi bo‘ylab birinchi poyezdlar harakatlangan.
LiveBarchasi