Putin COVID-19 ga qarshi keng ko‘lamli emlashni boshlashga ko‘rsatma berdi

Olam

image

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin COVID-19 koronavirus infeksiyasiga qarshi keng ko‘lamli emlash boshlanishini e’lon qildi. Bu haqda RF rahbari Mudofaa vazirligining ko‘ptarmoqli tibbiyot markazlari ochilishiga bag‘ishlangan videokonferensiya vaqtida aytib o‘tdi.

Putin Rossiyada 2 mln doza atrofida vaksina ishlab chiqarilganini ma’lum qildi.

“Bu bizga ommaviy bo‘lmasa ham keng ko‘lamli emlashni boshlashga imkon beradi”, degan u.

Unga ko‘ra, emlashni ikkita xavf guruhi – shifokor va o‘qituvchilardan boshlash kerak. Putin Bosh vazir o‘rinbosari Tatyana Golikovaga aholini koronavirusga qarshi vaksinalashni kelasi haftadan boshlashni aytgan.

“Agar siz biz ushbu nuqtaga yetib keldik deb o‘ylasangiz, ishni kelgusi haftaning oxiridan keng ko‘lamli emlashni boshlashimiz uchun moslab tashkil qilishingizni so‘rayman”, degan Putin.

O‘z navbatida Golikova rossiyaliklarni emlashni dekabrda boshlash mumkinligini ta’kidlagan.

“Hozir biz aholining dastlabki muhim guruhlarini baholayapmiz. Ulardan ikkitasi – shifokor va pedagogika xodimlari”, degan Golikova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, emlash bepul va ixtiyoriylik asosida bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyada hozirgacha ikkita vaksina rasman ro‘yxatda o‘tkazilgan. “Sputnik V” vaksinasi 11 avgustda, “EpiVakKorona” preparati esa 14 oktyabrda ro‘yxatdan o‘tkazilgan. “Sputnik V”ning samaradorligi 92 foizni tashkil etgani aytilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus vaktsinasi

Baholaganlar

186

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing