Putin 9 mayda Ukraina urushidagi g‘alabasini e’lon qilmoqchi – CNN
Olam
−
04 aprel 2022
19738AQSH razvedkasining so‘nggi baholari bilan tanish bo‘lgan bir qancha amerikalik rasmiylarga ko‘ra, Rossiya may oyi boshida Donbass va Ukraina sharqidagi boshqa hududlarni nazorat qilish uchun Ukrainadagi harbiy strategiyasini qayta ko‘rib chiqqan. Bu haqda CNN xabar berdi.
Qayd etilishicha, bir oylik urushdan so‘ng, Rossiya quruqlik kuchlari o‘zlari jang qilayotgan hududlarda nazoratni ushlab qola olmayapti.
Vladimir Putindan g‘alabani namoyish etish talab qilinadi va sharqiy Ukraina bu muvaffaqiyatga erishadigan hudud bo‘ladi, degan rasmiylar. AQSH razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Putin 9 may – Rossiyaning G‘alaba kunini mo‘ljallamoqda. Shu kuni u qandaydir g‘alabani nishonlamoqchi.
“Putin urush yoki tinchlik muzokaralari holati qanday bo‘lishidan qat’i nazar, 9 may kuni G‘alaba bayrami paradini o‘tkazadi”, degan Yevropa Mudofaa vazirligi vakili.
Biroq AQSH va Yevropa rasmiylarining ta’kidlashicha, Moskva so‘zda belgilashi mumkin bo‘lgan har qanday muddat Rossiya Checheniston ssenariysi kabi uzoq davom etadigan urushga tayyorlanayotgani haqiqatini o‘zgartirmaydi.
Ukraina rasmiylari ham bu sanani ochiqchasiga aytishgan.
“9 may arafasida Putin ushbu urushda G‘alaba paradini o‘tkazish vazifasini qo‘ydi”, degan Ukraina Xavfsizlik kengashi kotibi Aleksey Danilov.
Avvalroq Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Kiyevni ozod etishga muvaffaq bo‘lingani bilan eng dahshatli janglar hali oldinda ekanini aytgandi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi