“Prichyom tut Abdullayev?”. Chilonzordagi daraxtkushlik kaltagi Ekoqo‘mita matbuot kotibi boshida sindi

Jamiyat

image
Aldayotgan kim? Agronom 100 ta emas, 9 ta daraxt zararlanganini iddao qilyapti north_east

Aldayotgan kim? Agronom 100 ta emas, 9 ta daraxt zararlanganini iddao qilyapti

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining Axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Axborot xizmati rahbari Bunyod Abdullayev yana lavozimidan ozod etildi. Bu haqda uning o‘zi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida xabar qoldirdi. 

“Bugun Ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmatidagi faoliyatim nihoyasiga yetdi. Barchaga rahmat. Yurtimiz yashil makonga aylanaversin”, deb yozgan Abdullayev o‘zining Facebook’dagi sahifasida. 

QALAMPIR.UZ manbasining xabar berishicha, Abdullayevning lavozimidan ozod etilishiga Chilonzor tumanidagi daraxtlar qirg‘ini bilan bog‘liq hodisa sabab bo‘lgan. U daraxtlarga zarar yetkazilgani jamoatchilik orasida, ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokamalar keltirib chiqargani ortidan ishdan bo‘shatilgan. 

QALAMPIR.UZ Bunyod Abdullayev bilan bog‘lanib, bu safar ishdan ketishiga nima sabab bo‘lganini aniqlashga urindi. 

“Ketganim rost. Hozir oxirgi rasmiyatchilik ishlari bilan bandman. Go‘yo Chilonzordagi voqeada jamoatchilikning muhokamasini, Ekologiya qo‘mitasiga e’tirozlarini to‘xtatib qololmaganmishman. Rais xonasiga chaqirib, og‘ir gaplar aytdi. Chiqiboq, o‘z xohishimga ko‘ra ishdan bo‘shatishini so‘rab ariza yozdim. Men bunday haqoratlardan keyin bu joyda ishlay olmasdim”, deydi Bunyod Abdullayev. 

Gap shundaki, bu Abdullayevning birinchi marta lavozimidan ozod etilishi emas. U 2021 yilning fevralida ham bosimlar ortidan ishdan bo‘shatilgan edi. Oradan sal kam bir yilga yaqin vaqt o‘tib, 2022 yilning yanvar oyida yana Qo‘mita Axborot xizmati rahbari lavozimiga tayinlandi. 

2021 yilning 10 fevral kuni Bunyod Abdullayev Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov raisligidagi yig‘ilishda qo‘mitaning 6 nafar rahbar xodimi ishdan olinishi va ular orasida o‘zi ham aytilgani haqida ma’lum qilgandi.

O‘shanda Ekologiya qo‘mitasi matbuot kotibi ishdan haydalishiga Ochilboy Ramatov “shtabi”dan berilgan topshiriqni bajarishdan bosh tortganligi sabab bo‘lganligini ta’kidlagan edi. Unga Bosh vazirning birinchi o‘rinbosarining imijini targ‘ib qilish maqsadida OAVda tarqatish uchun har juma kuni tasdiqlangan mavzu bo‘yicha ma’lumot taqdim etish so‘ralgan. Bunyod Abdullayev topshiriq yozma ravishda berilsagina bajarishini aytgan, lekin unga yozma topshiriq berilmagan.

Chilonzordagi daraxtkushlik

Shaharning har bir hududi chiroyli bo‘lgani yaxshi, yo‘llar tekis-ravon bo‘lsa, undan ham zo‘r. Yo‘l qurilishi oqibatida daraxtlarga ziyon yetkazishmasa, mahalliy aholi uning soya-salqinida o‘tirib, toza havosidan to‘yib nafas olsa, undan ham a’lo. Gap shundaki, 6 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentning Chilonzor ko‘chasini rekonstruksiya qilish jarayonida 99 tup daraxtga zarar yetkazilgani va quruvchi tashkilotga 261 mln so‘m jarima tayinlangani aytilgan xabarlar tarqaldi. Holat tarmoq foydalanuvchilarining noroziligini keltirib chiqargach, voqea joyiga Bosh prokuror, Ekologiya qo‘mitasi raisi, Toshkent shahar hokimi va Prezident Administratsiyasi vakillari yetib kelgan.

Zarar yetgan daraxtlar haqida turli ma’lumotlar tarqalayotgan bir paytda Davlat ekologiya qo‘mitasi holat yuzasidan ma’lumot berdi. Ekoqo‘mita qurilish-ta’mirlash ishlari jarayonida Chilonzor ko‘chasidagi mavjud jami 101 tup daraxt, shu jumladan, 92 tup eman, 1 tup chinor, 5 tup tut, 2 tup archa va 1 tup mevali behi daraxtining ildiz qismi shikastlanganini ochiqladi.

Ekoqo‘mita mazkur yo‘l qurilish-ta’mirlash ob’ekti bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda Davlat ekologik ekspertiza xulosasi olinmaganini ma’lum qilgan. 

Daraxt kesilgani haqidagi xabarlar Prezidentgacha yetib bordi. 8 avgust kuni Prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov boshchiligida selektor yig‘ilishi o‘tkazilgan. Unda kuni kecha Toshkent shahrida ro‘y bergan va aholining keskin noroziligiga sabab bo‘lgan daraxtkushlik masalasi qattiq tanqid ostiga olingan.

Prezident topshirig‘iga asosan Toshkent shahar Chilonzor tumani hokimi Shavkat Mavlonov va prokurori Izzat Bozorov lavozimidan ozod etildi.

Shuningdek, mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygani uchun poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga va prokurori Ulug‘bek Qosimovga hayfsan berilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismi (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Bunyod Abdullaev

Baholaganlar

244

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar