Chilonzordagi daraxtlarni saqlab qolish xavf ostida. Zarar miqdori aniqlandi

Jamiyat

image

Toshkentning Chilonzor ko‘chasini rekonstruksiya qilish jarayonida 101 tup daraxtning ildiz qismi shikastlangan. Oqibatda o‘simlik dunyosiga 420 million 450 ming so‘m zarar yetgan. Bu haqda Davlat ekologiya qo‘mitasi ma’lumot berdi. 

Qayd etilishicha, holat qo‘mita xodimlari tomonidan joyiga chiqib o‘rganilgan. 

Aniqlanishicha, Chilonzor tumani 1-mavze Chilonzor ko‘chasi yo‘lini rekonstruksiya qilish jarayonida umumiy rejalashtirilgan 1,4 km yo‘l ta’mirlash loyihasining 300 metr qismida eski irrigatsiya tarmoqlari (lotoklar) olib tashlanib, yo‘lni kengaytirish va sathini 1 metrgacha pasaytirish ishlari amalga oshirilgan.

Mazkur qurilish-ta’mirlash ishlari jarayonida Chilonzor ko‘chasidagi mavjud jami 101 tup daraxtlar, shu jumladan, 92 tup eman, 1 tup chinor, 5 tup tut, 2 tup archa va 1 tup mevali behi daraxtlarining ildiz qismi shikastlangan.

Dastlabki o‘rganishda diametri 45 - 98 smgacha bo‘lgan 7 tup eman daraxtlarining ildiz qismiga jiddiy shikast yetkazilgani ma’lum bo‘lgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganish natijasida yana 2 tup eman, jami 9 tup eman daraxtlarining ildiz qismiga jiddiy shikast yetkazilganligi aniqlangan. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, ushbu daraxtlarni saqlab qolish ehtimoli xavf ostida.

Chilonzor ko‘chasidagi qurilish-ta’mirlash ishlari natijasida qolgan 90 dan ortiq daraxtlar o‘sishdan to‘xtamaydigan darajada shikastlangan. 

Chilonzor ko‘chasini rekonstruksiya qilish jarayonida daraxtlarni ildiz tizimiga shikast yetkazilishi holatlari bilan, O‘zbekiston Respublikasining “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunining 32, 37-moddalari talablari buzilishiga olib kelgan.

Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, daraxtlarni ildiz tizimi jiddiy shikastlantirilgani oqibatida o‘simlik dunyosiga 420 million 450 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilganligi hisob-kitob qilingan.

Mazkur holat yuzasidan barcha hujjatlar prokuratura organlariga taqdim etilgan.

“Amaldagi qonunchilik talablariga ko‘ra, qurilish loyihalarni amalga oshirishdan oldin ekologik me’yoriy loyiha hujjatlari ishlab chiqilishi hamda majburiy tartibda Davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazilishi belgilangan. Aniqlanishicha, mazkur yo‘l qurilish-ta’mirlash ob’ekti bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda Davlat ekologik ekspertiza xulosasi olinmagan.

O‘rganish natijalariga ko‘ra qo‘shimcha axborot berilishini ma’lum qilamiz”, deyiladi xabarda. 

Eslatib o‘tamiz, Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Toshkentning Chilonzor ko‘chasini rekonstruksiya qilish jarayonida daraxtlarga zarar yetkazilgani yuzasidan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismi (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borlayotganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

124

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing