Aldayotgan kim? Agronom 100 ta emas, 9 ta daraxt zararlanganini iddao qilyapti

Jamiyat

Shaharning har bir hududi chiroyli bo‘lgani yaxshi, yo‘llar tekis-ravon bo‘lsa, undan ham zo‘r. Yo‘l qurilishi oqibatida daraxtlarga ziyon yetkazishmasa, mahalliy aholi uning soya-salqinida o‘tirib, toza havosidan to‘yib nafas olsa, undan ham a’lo. Gap shundaki, 6 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentning Chilonzor ko‘chasini rekonstruksiya qilish jarayonida 99 tup daraxtga zarar yetkazilgani va quruvchi tashkilotga 261 mln so‘m jarima tayinlangani aytilgan xabarlar tarqaldi. Holat tarmoq foydalanuvchilarining noroziligini keltirib chiqargach, voqea joyiga Bosh prokuror, Ekologiya qo‘mitasi raisi, Toshkent shahar hokimi va Prezident Administratsiyasi vakillari yetib kelgan.

Zarar yetgan daraxtlar haqida turli ma’lumotlar tarqalayotgan bir paytda Davlat ekologiya qo‘mitasi holat yuzasidan ma’lumot berdi. Ekoqo‘mita qurilish-ta’mirlash ishlari jarayonida Chilonzor ko‘chasidagi mavjud jami 101 tup daraxt, shu jumladan, 92 tup eman, 1 tup chinor, 5 tup tut, 2 tup archa va 1 tup mevali behi daraxtining ildiz qismi shikastlanganini ochiqladi.

Ammo, Chilonzor tuman agronomi Muhammadjon Tursunovning hisob-kitoblari Ekoqo‘mitaniki bilan farq qilyapti. Agronomga ko‘ra, hududda 10 ta daraxtga shikast yetgan.

“100 tup daraxtga ziyon yetmagan. Traktorlar ishlayotganda, ish qurollari tegib ketgan bo‘lishi mumkin, balki shuni ham hisoblashgandir. Lekin, 100 tup daraxtga ziyon yetmagan. 9 tup daraxtni tomir qismi ochilgan. Hozirda tomir qismlari yopilib, taglari o‘g‘it bilan oziqlantirilgan”, deydi Chilonzor tuman agronomi.

Dastlabki o‘rganishda diametri 45 - 98 smgacha bo‘lgan 7 tup eman daraxtlarining ildiz qismiga jiddiy shikast yetkazilgani ma’lum bo‘lgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganish natijasida yana 2 tup eman, jami 9 tup eman daraxtlarining ildiz qismiga jiddiy shikast yetkazilganligi aniqlangan. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, ushbu daraxtlarni saqlab qolish ehtimoli xavf ostida.

Qo‘mita daraxtlarga yetkazilgan zararni o‘rganib, tabiatga 261 mln so‘m emas, 420 million 450 ming so‘mlik zarar yetkazilganini aytdi.

Ekoqo‘mita mazkur yo‘l qurilish-ta’mirlash ob’ekti bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda Davlat ekologik ekspertiza xulosasi olinmaganini ma’lum qilgan. Agronom Muhammadjon Tursunov faoliyatining asosi atrofni ko‘kalamzor bo‘lishiga javob berish ekanini aytarkan, u ham har-bir qurilish uchun tegishli tashkilotlardan ruxsat olinishi kerakligini urg‘uladi.

“Aslida har bir hududni ta’mirlashdan avval agronomlar va boshqa tashkilotlarni xabari bo‘lishi kerak. Lekin bu holatda ruxsat olinmagan va maslahatlashilmagan. Shaxsan o‘zim ham holatni ijtimoiy tarmoqlar orqali bildim va voqea joyiga keldim”, deydi agronom.

Daraxt kesilgani haqidagi xabarlar Prezidentgacha yetib bordi. 8 avgust kuni Prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov boshchiligida selektor yig‘ilishi o‘tkazilgan. Unda kuni kecha Toshkent shahrida ro‘y bergan va aholining keskin noroziligiga sabab bo‘lgan daraxtkushlik masalasi qattiq tanqid ostiga olingan.

“Prezident topshirig‘iga asosan Toshkent shahar Chilonzor tumani hokimi Shavkat Mavlonov va prokurori Izzat Bozorov lavozimidan ozod etildi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygani uchun poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga va prokurori Ulug‘bek Qosimovga hayfsan berilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismi (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

105

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing