“Pri chyom tut Hidoyatov?” 781 gektar yer mashmashasida kimga ishonaylik, vazir Davletovgami yoki...

Jamiyat

image

Joriy yilning 4 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 23-yalpi majlisida hisobot bergan Adliya vaziri Ruslan Davletov 2021 yilning oktyabr oyida Toshkent viloyatidagi 781 gektar yer maydoni viloyat hokimligi qarori bilan MCHJga auksionsiz shundoq berib yuborilgani haqida aytgan edi.

Mazkur holat oktyabr oyida sodir bo‘lgani, o‘sha vaqtda viloyatda Davron Hidoyatov hokim lavozimida ishlagani, 2021 yilning 18 noyabr kuni Zoyir Mirzayev hokimlikka tayinlangani, vazirning yer auksionsiz berib yuborilishi haqidagi fikri Zoyir Mirzayevning rahbarlik qilib kelayotgan davr bilan tushunilmasligi kerakligiни hisobga olib, QALAMPIR.UZ’da “Hidoyatov davrida 781 gektar yer Prezident farmoniga xilof ravishda berib yuborilgani aytildi” nomli xabar e’lon qilindi. 

Shundan so‘ng, Toshkent viloyati hokimligi ham rasmiy munosabat berib, Adliya vazirligi keltirgan “iddao”larga zid ma’lumotlarni e’lon qildi. 

Adliya vazirligi Matbuot kotibi Sevara O‘rinboyeva tomonidan e’lon qilingan bayonotda esa boltaning o‘zi qolib, sopiga e’tibor qaratilgan. Ya’ni O‘rinboyeva viloyat hokimligining 781 gektar Hukumat amaldagi qarorlariga rioya qilingan holda ajratilgani haqidagi rasmiy munosabatini chetga surib, QALAMPIR.UZ’da e’lon qilingan maqola va ushbu maqolada Davron Hidoyatov nomi tilga olinganiga munosabat bildirgan. Holbuki, viloyat hokimligi vazirning aytganlarini o‘z rasmiy munosabati bilan yo‘qqa chiqarishga uringan. Adliya vazirligi Matbuot kotibi munosabatida aynan Toshkent viloyatidagi 781 gektar yerning MCHJga tanlovsiz berib yuborilishi xususida shunday so‘z yuritiladi: 

“Adliya vaziri o‘z axborotida yana bir muhim masala – yer ajratish borasida ham ma’lumotlarni taqdim etdi. 

Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda yer ajratish allaqachon auksion orqali amalga oshirish tizimiga o‘tilgan bo‘lsa-da, baribir to‘g‘ridan-to‘g‘ri yer ajratishga urinishlar uchrab turibdi. Bu masala bo‘yicha tushuntirishlar berildi, yer ajratishga oid ko‘pchilik narsalar, xususan registratsiya kitoblarini yuritish mahalliy davlat hokimiyati organlaridan olib qo‘yilgan. 

Lekin Toshkent viloyatida 2021 yil oktyabr oyida 781 gektar yer maydoni MCHJga shundoq berib yuborilganliga haqida ma’lumot berildi. 

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Adliya vaziri tomonidan yuqoridagi Toshkent viloyatida bo‘lgan yer ajratish bo‘yicha holatlar biror sub’ekt yoki shaxs tomonidan sodir etilganligi yoxud sodir etgan shaxslarni javobgarlikka tortish masalasi bo‘yicha hech qanday ma’lumot berilmagan. 

Faqatgina bu kabi holatlarni oldini olish kerakligi, yer ajratishda yanada e’tiborli bo‘lish lozimligi va bu sohadagi islohotlarni davom ettirish joizligi haqida aytib o‘tilgan”.

QALAMPIR.UZ shuni takror va takror eslatadiki, e’lon qilingan “Hidoyatov davrida 781 gektar yer Prezident farmoniga xilof ravishda berib yuborilgani aytildi” nomli xabarda keltirilgan qarorni sobiq hokim Davron Hidoyatov tomonidan qabul qilingani haqida umuman so‘z bormagan. Faqat Adliya vaziriga ko‘ra, ushbu qaror qabul qilinishi 2021 yilning oktyabr oyiga to‘g‘ri kelgani, noyabr oyida esa viloyatga yangi hokim tayinlagani, vazirning gaplari viloyatning yangi hokimi Zoyir Mirzayev yoki u ishlab kelayotgan davrga qaratilmaganini izohlash maqsadida, 781 gektar yerni auksionsiz berish haqidagi qaror hokim Hidoyatov davrida qabul qilinganiga urg‘u berilgan. Bu yerda shaxs emas, balki u ishlagan davr nazarda tutilgan. Bunda QALAMPIR.UZ hech bir tomonni aybdor qilmagan. Vazirlik Matbuot kotibi S.O‘rinboyeva esa vazir Senatda aytgan gaplar, hali sud ko‘rayotgan ishning muhokama qilinishiga huquqiy asoslar bor yoki yo‘qligiga e’tibor qaratish, dalillar keltirish va vazir aytgan gaplar qanchalik haqiqatligini ochiqlash o‘rniga, masalaning umuman boshqa jihatlariga e’tibor qaratgan. 

Biz mazkur masala bo‘yicha hamon vazirlikdan izoh kutyapmiz. Bu 781 gektar yerning MCHJlardan biriga berilishi bo‘yicha kimning gapiga ishonish kerak: vazir Davletovnimi yoki Toshkent viloyati hokimligini?

Pri chyom tut Hidoyatov? Hidoyatovni qo‘ying, savolga javob bering. 


Maqola muallifi

Teglar

Davron Hidoyatov

Baholaganlar

249

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing