“O‘zavtosanoat” raisiga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi
Jamiyat
−
20 mart
6924“O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining ikki nafar yangi o‘rinbosari tayinlandi. Bu haqdagi ma’lumotlar kompaniyaning rasmiy veb-saytida paydo bo‘ldi.
Aleksandr Aleksandrovich Saxapov boshqaruv raisining savdoni rivojlantirish va marketing bo‘yicha o‘rinbosari, Davron Abdulfattahovich Hidoyatov boshqaruv raisining investitsiyalar va rivojlanish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi.
Ma’lumot uchun, Aleksandr Saxapov 1982 yilda tug‘ilgan. U Toshkent avtomobil yo‘llari instituti bitiruvchisi. Bu lavozimga tayinlangunga qadar u UzAuto Motors kompaniyasining savdo va avtoservis bo‘yicha boshqaruvchi direktori lavozimida ishlagan. 2003 yildan turli davrlarda “O‘zavtosanoat” va UzAuto Motors kompaniyalarida turli lavozimlarda ishlagan. Bundan tashqari, olti yil davomida u mashinasozlik masalalari bo‘yicha ishlagan, avtomobilsozlik masalalari bo‘yicha bosh mutaxassis, so‘ngra O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi Axborot-tahlil departamentining Mashinasozlik, elektrotexnika va aviatsiya sanoatini rivojlantirish, mahsulotlarni standartlashtirish masalalari axborot-tahlil boshqarmasining mashinasozlik sektori mudiri bo‘lgan.
Davron Hidoyatov esa 1976 yilda tug‘ilgan, Toshkent davlat politexnika universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va O‘zbekiston Bank-moliya akademiyasini tamomlagan.
Bu lavozimga tayinlangunga qadar Toshkent viloyati Chirchiq shahri hokimi lavozimida ishlagan.
Davron Hidoyatov yillar davomida UzTruck va Bus Motors (o‘sha paytda – JV MAN Auto-Uzbekistan) kompaniyalarini boshqargan, shuningdek, UzAuto Motors (o‘sha paytda – General Motors Uzbekistan) kompaniyasining moliyaviy masalalar bo‘yicha boshqaruvchi direktori lavozimida ham ishlagan.
Bundan tashqari, u bank sohasida, jumladan, Moskvadagi Asia Invest Bankn’ni boshqarishda tajribaga ega. 2014 yilda Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish, monopoliyaga barham berish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi etib tayinlangan. 2017 yildan beri Toshkent shahrining Chilonzor tumani hokimi, keyin Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari va Toshkent viloyati hokimi lavozimlarida ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning mart oyida “O‘zavtosanoat”ning avvalgi rahbari Shavkat Umurzoqov Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi. Uning o‘rnini esa O‘zbekistonning Indoneziya va Vetnamdagi elchisi, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi boshqaruvi raisi lavozimlarida ishlagan Ulug‘bek Rozuqulov egalladi.