Chirchiq hokimligidan ketgan Hidoyatov “O‘zavtosanoat” raisiga o‘rinbosar bo‘ldi
Olam
−
18 mart
5773Chirchiq shahrining sobiq hokimi Davron Hidoyatov “O‘zavtosanoat” AJ boshqaruvi raisining o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar berdi.
Oldinroq Davron Hidoyatov boshqa vazifada ish boshlayotgani sababli o‘z xohishi bilan Chirchiq shahri hokimi lavozimidan ketishi bo‘yicha ariza yozgan.
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Davron Hidoyatov boshqa ishga o‘tayotgani munosabati bilan uning kelgusi faoliyatiga omad tilagan va unga viloyat hokimligining faxriy yorlig‘ini topshirgan.
Ma’lumot uchun, Davron Hidoyatov 1976 yilda Toshkentda tug‘ilgan. 1998 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 2001 yilda Bank-moliya akademiyasini tamomlagan.
2009 yildan 2012 yilgacha GM Uzbekistan kompaniyasining moliya bo‘yicha ijrochi direktori, 2012 yildan 2014 yilgacha MAN Auto-Uzbekistan bosh direktori lavozimida ishlagan. 2014−2017 yillarda O‘zbekiston Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni kuchaytirish davlat qo‘mitasi raisi bo‘lgan.
2017-2018 yillarda Chilonzor tumani hokimi, 2018-2021 yillarda Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari, 2021 yilning yanvaridan noyabrigacha Toshkent viloyati hokimi lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.
2021 yilning noyabr oyida viloyat hokimligidan olinib, Chirchiq shahri hokimi lavozimiga tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, 15 mart kuni Xalq deputatlari Chirchiq shahar Kengashining qarori bilan Murodjon Abdurahimov shahar hokimi lavozimiga tasdiqlangandi.