Navoiy va Chirchiq aholisi daromadlarini deklaratsiyalaydi

Jamiyat

−

image

Navoiy va Chirchiq shaharlarida yillik daromadlarni deklaratsiyalash tajriba tariqasida joriy etiladi. Bu haqda hukumatning kecha, 19 oktyabr kuni qabul qilingan 574-sonli qarorida keltirilgan. 

Qaror bilan soliq organlari xodimlari hamda Navoiy va Chirchiq shaharlarida hisobga qo‘yilgan jismoniy shaxslar tomonidan jami yillik daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etish bo‘yicha vaqtinchalik ma’muriy reglament tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, 2026–2027 yillarda olingan daromadlar bo‘yicha deklaratsiya Soliq qo‘mitasining Elektron soliq xizmatlari portali va “Soliq” mobil ilovasi orqali doimiy yashash joyidagi soliq organiga taqdim etiladi.

Reglament Navoiy va Chirchiq shaharlarida ichki ishlar organlari tomonidan doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan jismoniy shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi. O‘n sakkiz yoshga to‘lmaganlar bundan mustasno.

Shuningdek, reglament hisobot yilida soliq organiga ishga qabul qilingan hamda hisobga qo‘yilganiga 6 oy to‘lmagan shaxslarga nisbatan qo‘llanilmaydi.

Deklaratsiya hisobot yilidan keyingi yilning 1 aprelidan kechiktirmay taqdim etilishi lozim. Soliq organi bu haqda belgilangan muddatdan kamida bir oy oldin xabarnoma yuboradi.

Deklaratsiyada quyidagi daromad va xarajatlar ko‘rsatiladi:

  • mehnatga haq to‘lash tarzidagi, mulkiy, moddiy naf tarzidagi va boshqa daromadlar (Soliq kodeksining 371, 375, 376 va 377-moddalari);
  • ko‘chmas mulk, ko‘char mulk va majburiyatlar, jumladan, soliqlar, kommunal xizmatlar hamda kreditlar bo‘yicha xarajatlar.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq xarajatlari bundan mustasno.

Xarajatlar vazirlik va idoralar ma’lumotlari, shuningdek, “Soliq” mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazilgan fiskal belgili cheklar va elektron hisobvaraq-fakturalar asosida shakllantiriladi.
Ma’lumotlar yetarli bo‘lmagan taqdirda, mobil ilova orqali qo‘shimcha ma’lumotlarni kiritish imkoniyati beriladi.

Deklaratsiyada xato aniqlansa, nima bo‘ladi?

Deklaratsiya noto‘g‘ri to‘ldirilgan bo‘lsa, aniqlashtirilgan hisobot taqdim etilishi mumkin. Unda ham noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘rsatilgan taqdirda, jismoniy shaxsning murojaatiga ko‘ra deklaratsiya rad etiladi va uni uch yil ichida takroran taqdim etish imkoniyati beriladi. Boshqa asoslar bo‘yicha deklaratsiyani rad etish taqiqlanadi.

Bundan tashqari, aniqlashtirilgan soliq bazasiga, ya’ni daromadlar va xarajatlar o‘rtasidagi farqqa qo‘shimcha soliq hisoblanmaydi. Biroq Soliq kodeksining 393-moddasida belgilangan daromad bundan mustasno. Bunday holatda huquqiy ta’sir choralari ham qo‘llanilmaydi.

Marjona Mamaniyozova


Maqola muallifi

avatar

.

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing