$3000 evaziga jinoyatni yashirishga uringan IIB xodimlari 6 yilga “kesildi”
3-sahifa
−
11:36 1625 4 daqiqa
Joriy yilning fevral oyida Chirchiq shahrida sodir bo‘lgan janjalda jabrlanuvchini aldab, ishni yashirishga uringan 2 nafar ichki ishlar organi xodimi 6 yilga qamaldi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.
Hujjatda keltirilishicha, janjal joriy yilning 17 fevral kuni Chirchiq shahridagi “Bek” nomli kafeda boshlangan. Jabrlanuvchi Sh.M. tanishi bilan birga u yerga ovqatlanish uchun borgan. O‘sha paytda mast ayol kishi janjal ko‘targan. Sh.M. esa o‘rtaga tushib, ayollarni ajratib qo‘ymoqchi bo‘lgan. Mast ayol esa vaziyatga aralashmaslikni aytib, voqea joyidan ketgan. Ko‘p o‘tmasdan esa ayol Sh.M. va boshqalarni suratga olib, o‘g‘li Umid bilan “Islom buxarskiy” kelishini aytgan va kafedan chiqib ketgan. Oradan 20 daqiqalar o‘tgandan keyin esa bir necha kishi kafega kirib, Sh.M. ni tashqarida “Islom buxarskiy” kutayotganini aytgan. Sh.M. esa uning oldiga borgan. Sh.M. ning aytishicha, “Islom buxarskiy” bilan birga taxminan 10 nafar yigit kelgan. Shuningdek, o‘sha yerda IIB PPX xodimlari ham bo‘lgan. Shunda “Islom buxarskiy” Sh.M. ni ko‘rib qaytib ketishini aytgan, biroq yigitlardan biri uning qo‘lidan tortgan va kutilmaganda Umid jag‘idan urgan. Oqibatda Sh.M. yerga yiqilgan va yigitlar uni yana turg‘izgan. Keyin u kafega kirib, qonagan joylarini yuvgan. Birozdan keyin tashqariga chiqib hamma ketganini ko‘rgan va taksi to‘xtatish uchun yo‘l chetiga turgan. Shunda Islom degan shaxs Gentra’da kelib, Umid o‘rtog‘i bo‘lishini va gapi bo‘lsa so‘rab olishini aytib, telefon raqamini bergan. Oradan biroz vaqt o‘tib, yana 4-5 ta yigit kelgan. Ular Sh.M. ni o‘sha yerdagi Epica’ga o‘tirg‘izmoqchi bo‘lgan, biroq erkak qochib ketgan. 1 kilometrlardan keyin ular mashinada erkakka yetib olgan va “Gera” laqabli shaxs musht bilan urgan, boshqa yigitlar esa tepgan. Shundan so‘ng, Sh.M. o‘zini yo‘qotgan va tez yordam mashinasida shifoxonaga olib borilgan. Keyinroq IIB xodimlari uni janjal sodir bo‘lgan hududdagi IIB binosiga olib ketgan.
Hujjatda keltirilishicha, ushbu ishni pul evaziga yashirishga uringan 35 yoshli N.A. Chirchiq shahar IIB JXX HPB boshlig‘i, 31 yoshli D.R. esa profilaktika inspektori lavozimida ishlagan. Sh.M. ning kaltaklanishi bilan bog‘liq holat profilaktika inspektori D.R. ning ish yurituvida bo‘lgan. N.A. va D.R. holatga aloqador fuqarolar bilan gaplashib, moddiy foyda evaziga ishni ularning tomoniga hal qilib berishni maqsad qilgan. IIB xodimlari kaltaklangan Sh.M. ga fuqarolar U.B., Q.S. va A.R.ga qonuniy chora ko‘rib bo‘lmasligini, ular qilgan ishlari uchun hattoki ma’muriy javobgarlikka tortilmasligini aytgan va da’vo qilmasligi evaziga pul undirib berishni bildirgan. Shundan so‘ng, ikkinchi tomonga Sh.M. sog‘lig‘ini tiklashi, berilgan arizasini qaytarib olishi hamda ishni tugatib, ularni qayta bezovta qilmaslik evaziga 3 ming dollar talab qilgan. Joriy yilning 18 fevral kuni kelishilgan puldan 2 700 dollarini olgan. Shundan 1 700 dollarini o‘zaro bo‘lib olgan va ming dollarini Sh.M. ga bergan. Shundan so‘ng mazkur holat bo‘yicha jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Joriy yilning 7 oktyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Chirchiq shahar sudida mazkur ish ko‘rib chiqilgan. Sudda har ikkala IIB xodimlari aybini tan olmagan. Biroq dalillar asosida sud ularni aybdor deb topgan. Xususan, N.A. va D.R. Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 2-qismi “v” va “g” bandlari, 230-1 -moddasi (dalillarni soxtalashtirish (qalbakilashtirish) 2-qismi “a” va “b” bandlari hamda 241-1-moddasi (jinoyatni hisobga olishdan qasddan yashirish) 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Ularga 3 yil ichki ishlar tizimida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 6 yildan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazo umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.
Shuningdek, “Islom buxarskiy” laqabli Islom Saidov va yana 5 kishi DXX hamda IIV Chirchiq shahrida uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish yo‘nalishida o‘tkazgan tezkor-qidiruv tadbirida qo‘lga olingan. Ularga nisbatan tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning aprel oyida Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida fuqaroga yetkazilgan tan jarohati bo‘yicha ishni “bosdi-bosdi” qilmoqchi bo‘lgan yuqorida nomi keltirilgan profilaktika inspektori qo‘lga tushgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi