Yana bir viloyat eshiklari yopildi

Jamiyat

image

Xorazm viloyatiga kirish va chiqish to‘xtatildi. Bu haqda viloyat Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Xorazm viloyati hokimining 2020 yil 27 mart kuni 85F-son farmoyishga asosan 2020 yil 27 mart kuni soat 15:00 dan boshlab, viloyatning barcha tumanlar va shaharlariga, shuningdek respublikaning barcha hududlariga transport vositalarida (avtobus, mikroavtobus va yengil avtotransport) kirish va chiqish harakatlari to‘xtatildi.

Bu viloyat aholisining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va xavfsizligini ta’minlash, fuqarolarning hayoti va sog‘ligini himoya qilish hamda koronavirus infeksiyasini viloyat hududi bo‘ylab tarqalishini oldini olish maqsadida amalga oshirildi.

Viloyatning tuman (shahar)lariga kirish va chiqishdagi cheklovlar tashish bilan bog‘liq holatlarga, shuningdek, tuman (shahar)da doimiy yashovchi  (ro‘yxatdan o‘tgan) shaxslarga tuman (shahar)ga kirish uchun, shuningdek, tuman(shahar)dagi mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquq-tartibot idoralari, boshqarma, idora va tashkilot (nodavlat tashkilot)larda mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan rahbar va xodimlar, shifokor va hamshiralar, davlat sanitariya va epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlari hamda viloyat hokimining alohida topshirig‘iga asosan tumanlarga biriktirilgan mas’ul xodimlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Tuman (shahar) hududlarini bog‘lovchi asosiy yo‘llardan tashqari, ichki aylanma ko‘cha va yo‘llarda harakat taqiqlandi.

Shahar (tuman)ga kirib kelayotgan va chiqayotgan har qanday yuk tashish mashinalari, xodimlar boshqaruvidagi avtomashinalar majburiy dezinfeksiya qilinadi.

Shu bilan bir qatorda, Urganch shahri hududida barcha qatnovlar (yo‘lovchi tashuvchi, onlayn xizmat ko‘rsatuvchi avtomashinalar, avtobus va mikroavtobuslar) harakati to‘xtatildi. Korxonalarning oziq-ovqatlarni xonadonlarga yetkazib berish avtomashinalari harakatlanishi mumkin.

Har bir tuman (shahar)lar hududlariga kirish-chiqishni nazoratga olish va avtomashinalarni dezinfeksiya qilish choralarni ko‘rish maqsadida vaqtinchalik maskan (post)lar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Avvalroq, Toshkent, Namangan, Andijon, Samarqand, Guliston, Buxoro va Qarshi shaharlari koronavirus sabab kirish va chiqish uchun yopilgani haqida xabar bergan edik.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtda mamlakatda 104 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Shu vaqtgacha 2 kishi vafot etgan.

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor


Maqola muallifi

Teglar

Xorazm karantin

Baholaganlar

96

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing