Prezident metroning Sergeli yo‘nalishi dekabr oyi oxirida ochilishini aytdi

Jamiyat

image

Toshkent metropolitenining Sergeli yo‘nalishi joriy yilning dekabr oyi oxirida foydalanishga topshiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 4 dekabr kuni poytaxt Toshkentning Yangihayot tumanida barpo etilgan Toshkent metallurgiya zavodining ochilish marosimidagi nutqida aytib o‘tdi.

“Eslaringizda bo‘lsa, biz koronavirus pandemiyasidan kuchli, qudratli bo‘lib chiqamiz, deb maqsad qo‘ygan edik. Bugun bu murakkab yil yakuniga yetayotganda aytishimiz mumkinki, barcha sa’y-harakatlarimiz ijobiy natijasini beryapti. Ko‘ryapsizlar, dunyoda nima bo‘lyaptiyu, O‘zbekistonda nima bo‘lyapti. Xudo xohlasa, shu oyning oxirida metropolitenning Sergeli yo‘nalishini ham ochamiz. Ilohim, mana shunday yaxshi kunlarimiz ko‘p bo‘lsin”, degan Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 26 noyabr kuni Toshkent metropoliteni Chilonzor yo‘nalishining Olmazor bekatidan yangi qurilgan Sergeli metro liniyasining so‘nggi bekatigacha test rejimida poyezd harakati amalga oshirildi. “O‘zbekiston 24” telekanalining shu kuni efirga uzatilgan lavhasida test rejimidagi poyezd harakati natijasida po‘lat izlar tayyor ekani tasdiqlangan.

Avvalroq Toshkent shahridagi Sergeli tumanida qurilayotgan yer ustki metrosida temir-beton konstruksiya ishlari 100 foiz bajarilgani haqida xabar berilgan edi.

Ma’lumot uchun, tumandagi yangi “Sergeli” yer ustki metro liniyasi “Choshtepa”, “Toshkent xalqa yo‘li”, “Sergeli”, “Afrosiyob”, “Qipchoq” bekatlaridan iborat. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu yo‘nalish bir kunda 35 ming yo‘lovchiga xizmat qiladi.

Joriy yilning 30 avgustidan Toshkent metropolitenining Yunusobod yo‘nalishida yana 2 ta bekat hamda yerusti aylana liniyasining bir qismi ishga tushiridi. Yunusobod yo‘nalishida “Yunusobod” va “Turkiston” bekatlari yo‘lovchi tashishni boshlagan bo‘lsa, O‘zbekistondagi ilk yerusti metro yo‘li “Do‘stlik-2” bekatidan “Qo‘yliq” bekatigacha salkam 12 kilometr masofada ish boshladi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Metropoliten

Baholaganlar

98

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing