Poroshenko Ukrainaga kelyapti. U ham Navalniy singari hibsga olinadimi?

Olam

image

Ukrainaning sobiq prezidenti Pyotr Poroshenko bugun, 17 yanvar kuni Frederik Shopin nomidagi Varshava aeroportiga yetib keldi. U bir soatdan keyin Kiyevga uchib ketadi. Bu haqda voqea joyidan TASS muxbiri xabar berdi. 

Poroshenkoni aeroportda bir necha o‘nlab jurnalistlar kutib olgan. Muxbirlarning savollariga javob berar ekan, u Kiyevda hibsga olinishidan qo‘rqmasligini aytgan. “Haqiqat orqamda. Ukraina xalqi men tomonda”, deydi sobiq Prezident.  U “Men hibsga olishlariga hozirlik ko‘rmadim", deya qo‘shimcha qilgan. 

Sobiq davlat rahbari Wizz Air reysi uchun oldindan ro‘yxatdan o‘tgan va aeroportga kelganidan so‘ng darhol xavfsizlikni nazorat qilish hududiga yo‘l olgan. 

Avvalroq, Poroshenko Kiyevga 17 yanvar kuni yetib borishini ma’lum qilgandi. Shu kuni Kiyevning Pecherskiy tuman sudi majlisi rejalashtirilgan bo‘lib, unda sobiq prezidentni hibsga olish haqidagi ariza ko‘rib chiqiladi. Sudning joriy yil 6 yanvardagi qarori bilan sobiq prezidentning mol-mulkiga taqiq qo‘yildi. Poroshenko ushbu sud majlisida qatnashish niyati borligini tasdiqladi, biroq hibsga olinmasligiga ishonch bildirdi, chunki buning uchun qonuniy asoslar yo‘q. U hibslansa, birinchi navbatda “Ukrainaning amaldagi Prezidenti Vladimir Zelenskiyga zarar keltiraman”, deb hisoblaydi. 

Sobiq prezident 2014-2015 yillarda Donbassdan ko‘mir yetkazib berish bo‘yicha jinoiy ishda ayblanuvchi hisoblanadi. Unga Ukraina Jinoyat kodeksining “Terrorizmni moliyalashtirish”,  “Davlatga xiyonat” va “Terrorchi tashkilot tuzish” moddalari bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan. Poroshenkoni mol-mulkini musodara qilish yoki musodara qilmasdan 15 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi kutmoqda. 2021 yil dekabr oyida tergovchilar unga chaqiruv qog‘ozini bermoqchi bo‘lgan, biroq sobiq prezident ularga e’tibor bermay, o‘sha kuniyoq Turkiyaga uchib ketgan. Poroshenkoning partiyasi sobiq prezident “oldindan rejalashtirilgan diplomatik safari bilan Turkiya va Polshaga jo‘nab ketganini” xabar qilgan. 

Ma’lumot uchun, bir necha kun avval Poroshenko amaldagi davlat rahbari Zelenskiyni diktatorlikda ayblagandi. U shunday deb yozgan: 

“Siz diktatorlikka da’vo qilgan har bir odam qo‘l uradigan ishni qilishga harakat qilyapsiz – demokratiyani diktaturaga almashtirmoqchisiz. Siz grechka va “Diya” (“Harakat” – tahr.) orqali ovozlarni sotib olish uchun majoritar tizimni qaytarishni xohlaysiz, chunki bu sizning yagona imkoniyatingiz. Siz ochiq ro‘yxatli saylov tizimini bekor qilmoqchisiz. Siz xuddi 2021 yilgi saylovlardagi kabi demokratiyani yo‘q qilmoqchisiz. Siz parlament saylovlaridan qo‘rqasiz va shuning uchun ularni keyinga qoldirmoqchisiz. Chunki parlament saylovlaridan keyin prezidentlik saylovlarida imkoniyatingiz qolmaydi. Siz esa Poroshenko haqidagi videolavhalar bilan e’tiborni noto‘g‘ri hisob-kitoblaringizdan va o‘z layoqatsizligingiz tufayli mamlakatda yuzaga kelgan keskin vaziyatdan chalg‘itmoqchi bo‘layapsiz”.

Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy o‘tgan yilning 20 avgustida Rossiyaning Tomsk shahrida zaharlanganidan so‘ng, Germaniyada 4 oy davolanib, u ham 2021 yilning 17 yanvar kuni Rossiyaga qaytdi va darhol hibsga olindi.


Maqola muallifi

Teglar

Pyotr Poroshenko

Baholaganlar

74

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made