Populist deputatlar deganda, men faqat Rasulni ko‘rsata olaman – Alisher Qodirov
Intervyu
−
28 iyul 2021
22137O‘zbekistonlik deputatlar orasida populist deputat deganda, faqat Rasul Kusherboyevni ko‘rsatish mumkin. Bu haqda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirov QALAMPIR.UZ’ga bergan intervyusida so‘z ochdi.
QALAMPIR.UZ rahbari Qamariddin Shayxovning “Bizda kim populist?”, degan savoliga javob berarkan, Qodirov O‘zLiDepdan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev nomini alohida qayd etdi.
“Albatta, deputatlar orasida ham populistlari bor. Masalan, Rasul do‘stim (Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev – tahr.). U bilan tortishamiz, urishamiz, ko‘p tomonlama “to‘polon qilamiz”. Ammo shaxsan uni hurmat qilaman va bir jihatdan populist, deb bilaman. Nega? Bu masalani Rasulning o‘ziga ham ko‘p gapirganman. Uning “bevosita mening ishim”, deb ko‘rsatadigan narsasiga shu paytgacha guvoh bo‘lmadim. Lekin juda ko‘p gapiradi. Haqiqatan ham ko‘p muammolar haqida gapiradi. U odamlarga yoqadigan muammolarni gapirishni biladi. Lekin bu muammolarning yechimi emas-da.
Bitta misol keltiraman: Surxondaryoda fuqarolar va ichki ishlar xodimlari o‘rtasidagi bo‘lgan tortishuv haqida gapirganida, mening fikrim boshqacha bo‘ldi. Ya’ni, ichki ishlar xodimi tartibni saqlagan holda, insonlar huquqini himoya qilishi kerak. Qo‘l ko‘tarish orqali emas. Jamiyatda tinch va barqaror rivojlanish nafaqat davlat idoralari, balki har birimiz uchun kerakli narsa”, deydi Qodirov.
Deputat so‘zida davom etib, Qonunchilik palatasining boshqa deputatlari populizmdan yiroq ekanini aytadi. Uning fikricha, Kusherboyev deputatlik va jurnalistlikni o‘zaro yaxshi birlashtira olgan.
“Men takror aytaman, Qonunchilik palatasida juda yaxshi ishlaydigan deputatlarni bilaman. Lekin populistlik nuqtai nazaridan hech kimni ko‘rsata olmagan bo‘lardim.
Haqiqatan ham qonun ijodkorligiga mutaxassisona yondashgan holda o‘z takliflarini kiritayotgan o‘nlab deputatlar bor. Men Rasulni bejizga misol qilib keltirganim yo‘q, chunki u bitta. U deputatlik bilan jurnalistlikni bir-biriga juda yaxshi tandem qilgan. Rasul qanchalik qonun ijodkorligi asosida ish olib boryapti, degan savolga albatta, javob bera olmayman. Chunki, u mening fraksiyamdan emas”.
Bundan biroz avval Qonunchilik palatasining ikki deputati – Alisher Qodirov va Rasul Kusherboyevning yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish jarayonida diniy ta’lim masalasi borasidagi bahsi katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi. Rasul Kusherboyev ushbu qonun muhokamasida “Milliy tiklanish” partiyasi diniy ta’limda erkinlik berilishiga qarshi chiqqanini ma’lum qildi. Oradan ko‘p o‘tmay, Alisher Qodirov ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida Kusherboyevga javob yo‘lladi. Qodirov QALAMPIR.UZ’ga bergan intervyusida ushbu qonun muhokama qilinayotganda, Kusherboyev zalda bo‘lmagani, lekin populistik yondashuvni tanlagani, shov-shuv ko‘targanini iddao qildi.
“Vijdon erkinligi borasida qonun qabul qilinayotganda Rasul meni “Diniy ta’limga qarshilik bildirdi”, deb tanqid qildi. Aslida, qonun loyihasi muhokama qilinayotganda, Rasul zalda yo‘q edi. Shuning uchun populist deputatlar deganda, men faqat Rasulni ko‘rsata olaman. Qolgan deputatlarning ichida juda yaxshi ishlayotgan, Qonunchilik palatasining deputati degan maqomga loyiq bo‘lgan haqiqiy deputatlar bor va buni samarali eplay olmayotgan deputatlar ham bor”, deydi Qodirov.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari Alisher Qodirov bilan suhbatni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr