Sobiq DXX binosi hududidagi daraxtlar boshqa joyga ko‘chirib o‘tqazilayotgani aytildi
Jamiyat
−
22 may
11487Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda sobiq Davlat xavfsizlik xizmati binosi o‘rnida mehmonxona qurilayotgani va qurilish maydonida ko‘p yillik daraxtlar kesilib, o‘ralgan holda olib chiqib ketilayotganligi haqida videoxabar tarqalgandi. Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi vaziyatga aniqlik kiritdi.
Bildirilishicha, holat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ishchi guruhi tomonidan o‘rganilgan va Yunusobod tumani Sayilgoh ko‘chasidagi 26 ta eman daraxti belgilangan tartibda boshqa hududga ko‘chirib o‘tqazilayotganligi ma’lum bo‘lgan.
“Ayni damda 14 ta eman daraxti ko‘chirib o‘tqazildi. Qolgan 12 ta daraxtni ham ko‘chirish jarayoni ketmoqda. Bunda barcha agrotexnik tadbirlar olib borilmoqda, daraxtlar yashab ketishi uchun zarur o‘g‘itlar, ozuqa moddalari bilan ta’minlanmoqda. Boshqa hududga ko‘chirilgan daraxtlar to‘liq yashab ketadi va buning uchun barcha zarur chora-tadbirlar olib boriladi", deydi jarayonga mas’ul ”Muna Mag“ korxonasi rahbari Farrux Hakimov.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, bu daraxtlar ko‘chirib o‘tqazilganidan keyin 3 yil davomida doimiy sug‘orish, o‘g‘itlash, ildiz tizimini oziqlantirish, hasharotlar va zararkunandalarga qarshi kurash va boshqa zaruriy ishlar amalga oshiriladi. Ko‘chirilayotgan daraxtlar Toshkent viloyatidagi bog‘ uchun mo‘ljallangan hududga o‘tqaziladi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur holat yuzasidan Ekologik partiya Bosh prokuratura hamda atrof-muhitni muhofaza qilishga mas’ul bo‘lgan davlat tashkilotlaridan zudlik bilan chora ko‘rishlarini so‘ragandi.
LiveBarchasi