AQSHda zararkunandalar tufayli milliardlab daraxt nobud bo‘ldi
Olam
−
12:52 871 2 daqiqa
AQSHga o‘simliklar va import mahsulotlarining yog‘och qadoqlari orqali kirib kelgan zararkunanda hasharotlar hamda kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroorganizmlar milliardlab daraxtning nobud bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Bu haqda “The New York Times” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, mamlakatning shimoli-sharqiy hududlari eng ko‘p zarar ko‘rgan. Bu hududlar daraxt turlarining xilma-xilligi va import mahsulotlarining katta hajmda olib kirilishi bilan ajralib turadi. Ayrim joylarda o‘rmonlar yo‘qolib, ularning o‘rnini tikanli butalar va chirmashib o‘suvchi o‘simliklar egallagan.
Eng katta zarar shumtol daraxtlariga yetgan. 2002 yilda Detroyt yaqinida shumtollarga zarar yetkazuvchi zumrad rangli qo‘ng‘iz aniqlangan. Oradan 20 yil ham o‘tmay, Shimoliy Amerikada o‘sadigan shumtolning barcha oltita asosiy turi yo‘qolib ketish xavfi ostidagi turlar qatoriga kiritilgan.
Shuningdek, shiraga o‘xshash mayda hasharotlar suga nomli ignabargli daraxtlarni nobud qilmoqda. 2012 yildan buyon Yaponiyadan kirib kelgan mikroskopik chuvalchanglar buk daraxtlarining barglariga zarar yetkazmoqda.
Pretoriya universitetining o‘rmon kasalliklari bo‘yicha mutaxassisi Bernard Slippers xalqaro savdo zararkunandalarning dunyo bo‘ylab tez tarqalishiga sabab bo‘layotganini ta’kidladi.
“Savdo orqali biz hasharotlar va mikroblarni dunyo bo‘ylab juda tez tarqatyapmiz. Aslida, bu bilan o‘ziga xos tajriba o‘tkazyapmiz”, deydi u.
2002 yilda davlatlar xalqaro savdoda ishlatiladigan yog‘och qadoqlarga yuqori haroratda ishlov berish yoki ularni maxsus gaz bilan zararsizlantirishga kelishib olgan. Shundan so‘ng zararkunandalar bilan zararlangan yuklar ulushi taxminan uchdan bir qismga yoki yarmiga kamaygan. Biroq olimlarning ta’kidlashicha, bu qoidalarga hamma joyda ham amal qilinmaydi.
2011 yilda tadqiqotchilar po‘stloqxo‘r va yog‘ochni kemiruvchi hasharotlar zararlagan daraxtlarni kesish, almashtirish va davolash AQSH mahalliy hokimiyatlariga yiliga qariyb 1,7 milliard dollarga tushishini hisoblab chiqqan. Bitta daraxtni hasharotlarga qarshi vositalar bilan himoyalashning o‘zi ham 150 dollarga tushishi mumkin.
Shu sababli olimlar zararkunandalarni yo‘q qiladigan boshqa hasharotlardan ham foydalanmoqda. Jumladan, Kornell universiteti tadqiqotchilari o‘rmonlarga yuz minglab pashsha va qo‘ng‘izlarni qo‘yib yuborgan.
Bundan tashqari, zararkunandalardan omon qolgan daraxtlarni chatishtirish orqali ularga chidamli yangi navlar yaratish ustida ish olib borilmoqda.
Xalqaro savdo orqali begona hasharotlar va boshqa organizmlar dunyoning turli hududlariga tarqalmoqda. Yevropa kasalliklarning oldini olish va nazorat qilish markazi (ECDC) ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil iyun oyiga kelib, Osiyo yo‘lbars chivini Yevropa Ittifoqi va Yevropa iqtisodiy hududidagi 16 mamlakatning 369 ta hududida doimiy tarqalgan.
Bu chivin denge isitmasi, chikungunya va Zika viruslarini tarqatishi mumkin. Taqqoslash uchun, 2013 yilda bunday chivinlar 114 ta hududda qayd etilgan.
Marjona Mamaniyozova
Live
BarchasiRubioning O‘zbekistonga tashrifi yakunlandi
16 Oktyabr