Polshada Rossiya razvedkasiga ishlaganlikda gumonlangan uch kishi qo‘lga olindi

Olam

image

Polsha ichki xavfsizlik agentligi Rossiya harbiy razvedkasi – Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi bosh boshqarmasi ko‘rsatmasi bo‘yicha mamlakatda qo‘poruvchilik aktlarini tayyorlashda gumon qilingan ikki belaruslik va bir polshalikni hibsga oldi. Bu haqda Polshaning "Rzeczpospolita" gazetasi xabar berdi.

Polsha razvedka xizmatlariga ko‘ra, erkaklar savdo markazlari, restoranlar va qurilish omborlariga o‘t qo‘yishni rejalashtirgan va allaqachon bunga urinishgan.

Qayd etish joizki, yanvar oyida Polshada ukrainalik qo‘lga olingan, prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, u ham Rossiya tomonidan yollangan va Vrotslavdagi bir qator ob’ektlarga, xususan, bo‘yoq ishlab chiqarish zavodiga o‘t qo‘yishni rejalashtirgani aytilgandi.

Bu galgi hibsga olishlar ham xuddi shu tergov doirasida amalga oshirildi. Hibsga olishlardan biri belarusliklardan biri yashagan Pruskov shahrida, qolganlari Varshavada bo‘lib o‘tdi.

Jurnalistlarning ta’kidlashicha, 10 ming yevro mukofot evaziga gumonlanuvchilar Gdanskdagi ma’lum bir ob’ektga va Varshava chekkasidagi yana ikkita ob’ektga o‘t qo‘yishga uringan. Hibsga olingan belarusliklardan biri 37 yoshda, ikkinchisi 35 yoshda. Uchinchi gumonlanuvchi polyak 40 yoshda. U Pomeraniya provinsiyasida yashagan.

Gazetaning tergov ichidagi manbalarga tayanib yozishicha, rejalashtirilgan sabotajning maqsadi "tartibsizlik, qo‘rquv, zarba va mulkni yo‘qotish va ehtimol inson hayotiga xavf keltirib chiqarish" bo‘lgan.

Hozirda xorijiy razvedka xizmatlari ko‘rsatmasi bo‘yicha Polsha Respublikasiga qarshi harakatlarni amalga oshirish maqsadida uyushgan jinoiy guruhda ishtirok etish moddasi bo‘yicha ikki belaruslik va bir polyakka nisbatan ish ochildi. Ularni umrbod qamoq jazosi kutmoqda.

Avvalroq, 26 may kuni "The New York Times" gazetasi AQSH razvedka idoralari Yevropada Rossiya bilan bog‘langan qo‘poruvchilik operatsiyalari sonining ko‘payishini qayd etayotgani haqida yozgan edi. G‘arb razvedka agentliklariga ko‘ra, bu amaliyotlar Rossiya agressiyasini qaytarishda Ukrainaning yordamiga putur yetkazishga qaratilgan kampaniyaning bir qismi bo‘lishi mumkin.

Nashrga ko‘ra, Rossiya maxsus xizmatlari ko‘rsatmasi bilan turli ob’ektlarda o‘t qo‘yish sodir etilgan. Ular orasida Angliyadagi omborxona, Polshadagi bo‘yoq zavodi, Latviyadagi uylar va Litvada IKEA mebel do‘koni bor.

"Rossiya Federatsiyasida ishlaganlikda gumon qilinganlar ham Amerika harbiy bazalariga hujumlar rejalashtirishi mumkin", deydi tergov.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Polshada Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga suiqasd uyushtirishda gumon qilingan shaxs qo‘lga olingandi. Keyinchalik Polsha hukumati Rossiya razvedka xizmatlari buyrug‘i bilan qo‘poruvchilik sodir etganlikda gumon qilib, to‘qqiz kishini hibsga oldi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Pol'sha razvedka

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing