Polshada Rossiya buyrug‘i bilan qo‘poruvchilik qilishda gumonlangan 9 kishi qo‘lga olindi
Olam
−
21 may
2644Polsha hukumati Rossiya razvedka xizmatlari buyrug‘i bilan qo‘poruvchilik sodir etganlikda gumon qilib, to‘qqiz kishini hibsga oldi. Bu haqda bugun, 21 may kuni Bosh vazir Donald Tusk ma’lum qildi.
Uning aytishicha, gap yollanma askarlar haqida ketmoqda. Ayblanuvchilar Ukraina, Belarus va Polsha fuqarolari. Ulardan ba’zilari "jinoyat olamidan kelgan odamlar". Tusk Polsha o‘z ittifoqchilari bilan bu borada yaqindan hamkorlik qilayotganini, razvedka xizmatlarining samarali faoliyatidan mamnun ekanini qo‘shimcha qildi.
Bosh vazirning ta’kidlashicha, Polsha g‘arbidagi Vrotslav shahridagi bo‘yoq zavodiga o‘t qo‘yishga urinish to‘xtatilgan.
“O‘t qo‘yish, shubhasiz, Rossiya xizmatlari tomonidan buyurtma qilingan", deb hisoblaydi Tusk.
U Litva, Latviya va Shvetsiyada ham xuddi shunday qo‘poruvchilik harakatlari sodir bo‘layotganini eslatib, vaziyatni o‘ta jiddiy deb baholadi. Bosh vazir 9 mayga o‘tar kechasi Vilnyusdagi IKEA do‘konining omborida sodir bo‘lgan yong‘inni esladi. Ob’ektda tovarlar yoqib yuborilgan, Litva politsiyasi ham o‘t qo‘yish ehtimolini tekshirmoqda.
Polsha Prezidenti Anjey Duda 14 may kuni so‘nggi paytlarda mamlakatning turli hududlarida besh-oltita jiddiy yong‘in sodir bo‘lganini aytdi.
"Bular o‘t qo‘yish bo‘lishi mumkin, deb gumon qilmaslik qiyin, lekin aslida bu mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirishga urinishdir", deydi Prezident.
O‘z navbatida, Polsha Milliy xavfsizlik byurosi rahbari Yacyek Severa xorij razvedka xizmatlari sodir bo‘layotgan voqealarga aloqador bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Polshada Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga suiqasd uyushtirishda gumon qilingan shaxs qo‘lga olingandi.
LiveBarchasi