Polsha Rossiya bilan gaz shartnomasini muddatidan oldin buzdi

Olam

image
0:00
0:00
download

Polsha hukumati Rossiya gazini yetkazib berish bo‘yicha kelishuvni muddatidan oldin bekor qilmoqda. Bu haqda Polsha hukumatining strategik energetika infratuzilmasi bo‘yicha vakolatli vakili Pyotr Naimskiy Polsha radiosi efirida aytib o‘tdi.

2022 yil oxirigacha amal qiladigan kelishuvga ko‘ra, Polsha Rossiyadan yiliga 10 million kub metrgacha gaz olishi mumkin. Mamlakat rasmiylari ushbu kelishuvni uzaytirmaslikka qaror qilgan. 27 aprel kuni “Gazprom” Bolgariyaning “Bulgargaz” kompaniyasi va Polshaning PGNiG shirkatlari gaz narxini Rossiya rublida to‘lashdan bosh tortgani uchun gaz eksportini to‘xtatdi.

“13 may kuni Mateush Moravetski hukumati Polsha hukumati va Rossiya Federatsiyasi hukumati o‘rtasidagi kelishuvni buzish to‘g‘risida qaror qabul qildi. 1993 yilda imzolangan “Yamal” deb nomlangan shartnomani. Oradan 30 yil o‘tib, aytish mumkinki, Polsha va Rossiya o‘rtasidagi gaz aloqalari yo‘q bo‘ldi”, deydi Naimskiy.

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 23 mart kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin hukumat va Rossiya Federatsiyasi Markaziy bankiga Rossiya gazining Yevropa davlatlariga yetkazib berilishi uchun to‘lovlarni rublga o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berdi. Bunga G‘arb davlatlarining Ukrainadagi urush ortidan Moskvaga qarshi joriy qilgan sanksiyalari sabab bo‘ldi.

Shundan so‘ng, Germaniya kansleri Olaf Shols ham Germaniya gazni rublda sotib olmasligini e’lon qildi. Uning ortidan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham rus gazini rubldan sotib olmasligini aytdi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin avvalroq Vazirlar Mahkamasi, Markaziy bank va “Gazprom” kompaniyasiga 31 martgacha Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va cheklov choralarini joriy qilgan boshqa mamlakatlarga gaz yetkazib berish uchun to‘lov valyutasini o‘zgartirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishni topshirgan edi.

Shu o‘rinda aytish joizki, Rossiya gazining xaridorlari hisob-kitoblarni rublga o‘tkazish bo‘yicha turlicha pozitsiyani egalladi. Germaniya kansleri Olaf Sholsning ta’kidlashicha, shartnomalarda xorijiy valyutalar “asosan yevro va dollar” ko‘rsatilgan. Germaniya Iqtisodiyot vazirligi vakili Robert Severin import qiluvchilar shartnomalar bajarilishini kafolatlashlari shartligini ta’kidladi. Italiya bosh vaziri Mario Dragi hisob-kitoblarni rublga o‘tkazishni shartnomalarning buzilishi deb atadi.

Joriy yilning 31 mart kuni Putin "do‘st bo‘lmagan" davlatlarga gazni rublda sotish tartibini tasdiqladi. 

Shundan so‘ng Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarga Rossiyaga qarshi sanksiyalarni buzmagan holda rus gazi uchun rublda to‘lov qilishga ruxsat berildi.

Joriy yilning 27 aprel kuni Rossiyaning "Gazprom" kompaniyasi Polsha va Bolgariyaga to‘lovni rublda amalga oshirmagani uchun gaz yetkazib berishni to‘xtatib qo‘ydi. Oradan qariyb bir oy o‘tgach, 21 may kuni Rossiya talabi bajarilmagani sababli Finlyandiyaga ham rus gazi yetkazib berish to‘xtatildi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Pol'sha

Baholaganlar

198

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing