Rossiya elchisi sabab Polshaga yana bir talab qo‘ydi

Olam

image

Polsha elchisi Kshishtof Krayevski bugun, 11 may kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi. Unga rasmiy Moskva 9 may kuni Rossiyaning Varshavadagi elchisi Sergey Andreyevga uyushtirilgan hujum munosabati bilan Polsha rasmiylaridan rasmiy uzr so‘rashini kutayotgani ma’lum qilindi. Bu haqda TASS xabar berdi.

“Krayevskiyga Rossiya tomoni voqea yuzasidan Polsha rahbariyatidan rasmiy uzr so‘rashini kutayotgani va Rossiya elchisi va Polshadagi tashqi vakolatxonalari barcha xodimlari xavfsizligini ta’minlashni talab qilayotgani aytildi”, deyiladi TIV bayonotida.

Tashqi ishlar vazirligi tahdidomuz tarzda Moskvaning “keyingi qadamlari Varshava Rossiyaning talablariga qanday munosabatda bo‘lishiga qarab” qabul qilinishini ta’kidlagan.

Vazirlik Polsha tomoni Diplomatik aloqalar to‘g‘risidagi Vena konvensiyasini qo‘pol ravishda buzganini iddao qilgan.

“Polsha undan (konvensiyadan – tahr.) kelib chiqadigan asosiy majburiyatlardan birini bajarmadi – rossiyalik diplomatlarning daxlsizligini ta’minlamadi”, degan Rossiya TIV.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 may kuni Rossiyaning Polshadagi elchisi Varshavaning Jvirki va Vigura ko‘chalarida joylashgan sovet askarlarining harbiy yodgorlik qabristoniga gul qo‘yishga kelgan vaqtida bir guruh shaxslar tomonidan unga qizil rangli bo‘yoqlar uloqtirildi. Politsiya aralashuvi bilangina diplomatik missiya vakillari mashinasiga yetib olib, voqea joyini tark etdi.

Rasmiy Moskva Rossiyaning Polshadagi elchisi Sergey Andreyevga uyushtirilgan hujum va gulchambar qo‘yish marosimining uzilishi munosabati bilan Varshavaga keskin norozilik bildirdi.

“9 may kuni ekstremistlar politsiyaning to‘liq harakatsizligi bilan Varshavadagi Sovet askarlari qabristoniga gul qo‘yish marosimini to‘xtatib, Rossiya Federatsiyasining Polshadagi elchisi Sergey Andreyev va diplomatik korpusning boshqa xodimlariga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llashdi. Polsha hukumatiga neonatsist bezorilarni qo‘llab-quvvatlagani uchun qattiq norozilik bildirildi”, deyiladi TIV bayonotida.


Maqola muallifi

Teglar

elchi Rossiya-Pol'sha

Baholaganlar

468

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing