Shvetsiya O‘zbekistonga yangi elchisini tayinladi

Jamiyat

image

Kecha, 10 sentyabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Shvetsiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Martin Rozen janoblaridan ishonch yorliqlarini qabul qildi. Bu haqda Saidov o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston – Shvetsiya munosabatlari sezilarli darajada faollashmoqda.

Shuningdek, suhbat davomida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish hamda ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rag‘batlantirish muhimligi ta’kidlangan.

“Elchi janoblariga yangi vazifasida muvaffaqiyatlar tilab, o‘zaro munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish uchun birgalikda ishlashga tayyor ekanimizni tasdiqladik”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Shvetsiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1992 yil 8 aprelda o‘rnatilgan. Martin Rozengacha Shvetsiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Tomas Danestad bo‘lib, u 2022–2026 yillarda ushbu lavozimda faoliyat yuritgan. 

Shuningdek, Shvetsiyaning Toshkentda doimiy rezident elchixonasi binosi mavjud emas. Shu sababli, Shvetsiya Tashqi ishlar vazirligining maxsus tizimiga ko‘ra, elchi o‘z vazifalarini Stokgolmdan turib bajaradi va munosabatlarni mustahkamlash uchun O‘zbekistonga muntazam ravishda diplomatik safarlar uyushtirib turadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Belgiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Matias Kendedan ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing