Belgiyaning O‘zbekistondagi yangi elchisi tayinlandi
Jamiyat
−
20:42 293 1 daqiqa
Bugun, 10 sentyabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Belgiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Matias Kendedan ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qildi. Bu haqda Saidov o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, suhbat davomida Toshkentda Belgiya elchixonasi faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgani ikki davlat munosabatlaridagi muhim voqea ekani qayd etilgan.
Davlatlar o‘rtasidagi siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
“Ikki tomonlama va Yevropa Ittifoqi doirasida O‘zbekiston-Belgiya aloqalarini yanada rivojlantirishga tayyorligimizni ta’kidladik. Elchi janoblariga O‘zbekistondagi mas’uliyatli va sharafli faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz”, deydi Saidov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Belgiya qirolligi Toshkent shahrida elchixona ochishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan edi. O‘zbekistonning ushbu mamlakatdagi birinchi elchixonasi esa 1995 yil iyun oyida ochilgan. Bungacha Markaziy Osiyo davlatlaridan faqat Qozog‘istonning Ostona shahrida Belgiya elchixonasi mavjud bo‘lgan. Toshkentda esa faxriy konsullik faoliyat yuritadi.
Live
Barchasi