Polsha Belarus bilan chegarasidagi askarlarini ko‘paytiryapti
Olam
−
08 avgust 2023
3819Polsha Belarus bilan chegaraga qo‘shimcha ming nafar askar joylashtirmoqda. Bu haqda bugun, 8 avgust kuni “Polstak” telekanali xabar berdi.
Qayd etilishicha, bunday qaror “Polsha-Belarus chegarasidagi dinamik vaziyat munosabati bilan” qabul qilingan.
Polsha Chegara xizmati bosh komendanti Tomas Praxa Milliy Mudofaa vazirligiga yana ming askarni Polsha-Belarus chegarasiga o‘tkazish iltimosi bilan murojaat qilgan. Hozirda bu chegarada ikki ming polshalik askar mavjud.
Polsha Ichki ishlar vaziri Mariush Kaminskiy esa X (Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida litvalik mavqedoshi Agne Bilotayte bilan telefon suhbati chog‘ida Belarus bilan chegaralarni to‘liq yopib qo‘yish imkoniyatini muhokama qilgani haqida yozgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Polsha Belarus va Rossiya bilan chegarada sapyorlar bataloni tashkil etishini ma’lum qilgandi. Shuningdek, Polsha "Vagner" yollanma jangchilari va Belarusdagi Rossiya askarlarining faolligi fonida yaqin kelajakda muntazam armiyasini deyarli ikki baravar oshirish niyatida ekani aytildi. AQSH esa Polshani “Vagren”dan himoya qilishga va’da berdi.
1 avgust kuni Polsha Belarusning ikki harbiy vertolyoti mamlakat havo chegarasini buzganini ma’lum qilgandi. Shu kuni respublika mudofaa vaziri Mariush Blashak Belarus bilan chegarada harbiy xizmatchilar sonini ko‘paytirish va jangovar vertolyotlar orqali xavfsizlikni kuchaytirishni buyurdi. Belorus Mudofaa vazirligi esa Polsha chegarasini buzish haqidagi ayblovlarni g‘alati deb atadi. Rasmiy Minskka ko‘ra, bunday ayblovlar Polsha harbiy-siyosiy rahbariyati tomonidan Belarus chegarasi yaqinida kuchlar va aktivlar to‘planishini oqlash uchun ilgari surilgan.
LiveBarchasi