Pokistondagi portlashda politsiyachilar halok bo‘ldi
Olam
−
12 dekabr 2023
3469Pokistonning Xayber-Paxtunxva viloyati shimoli-g‘arbidagi politsiya bo‘limida yuz bergan portlashda kamida to‘rt nafar xavfsizlik kuchlari halok bo‘ldi, bir necha kishi jarohatlandi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni viloyatning Dera Ismoil Xon tumanida sodir etilgan navbatdagi terakt oqibatida yana 28 kishi turli darajadagi og‘irlikdagi jarohatlar olgan.
Hodisalar uchun javobgarlikni taqiqlangan “Tehrik-e-Tolibon Pokiston” terrorchilik guruhi (TTP, “Tolibon” harakatining Pokistondagi bo‘limi) o‘z zimmasiga olgan.
Aytishlaricha, TTP Afg‘oniston tomonidan keng ko‘lamda qo‘llab-quvvatlanadi.
2022 yil dekabrida Pokiston hukumati va TTP o‘rtasida terrorchilik hujumlarini to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar boshi berk ko‘chaga yetdi va to‘xtab qoldi. Pokiston Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yil avgustidan, ya’ni, Tolibon Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga kiritganidan buyon Pokistondagi teraktlar soni 60 foizga oshib, 420 taga yetgan. Xudkush-terrorchilar ishtirokidagi teraktlar soni esa 500 foizga oshib, 141 taga yetgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning aprel oyida Xayber-Paxtunxva viloyatining Svat tumanida terakt sodir bo‘lgan va oqibatda sakkiz nafar politsiyachi halok bo‘lib, yana 57 kishi jarohatlangandi. Iyul oyida yana shu viloyatda portlash sodir bo‘lishi oqibatda 40 dan ortiq odam halok bo‘lgandi. Buning uchun javobgarlikni ISHID o‘z zimmasiga olgandi. Sentyabrda ham viloyatda harbiy karvonga uyushtirilgan terakt oqibatida mamlakat armiyasining to‘qqiz nafar askari halok bo‘ldi, besh nafari yaralandi. 29 sentyabr kuni viloyatning Hangu shahridagi masjidda portlash bo‘ldi. 4 noyabr kuni esa olti nafar jangari Pokiston shimoli-sharqidagi Panjob viloyatida joylashgan Mianvali shahri yaqinidagi harbiy-havo kuchlari o‘quv bazasiga hujum qilib, uchta samolyotga zarar yetkazdi.
LiveBarchasi